2024-yilda respublikada sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 92,4 foizi fosh etilgan. Qidiruvdagi shaxslarning 8 736 nafari ushlangan va bedarak yo‘qolganlarning 567 nafari topilgan.
Bu haqida 26 fevral kuni Senatda o‘tgan Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida Ichki ishlar vazirligi masʼullar axborotida aytib o‘tildi.
Jumladan, majlisda IIVning 2024-yilda huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi borasida tegishli vazirlik va idoralar bilan olib borgan hamkorlikdagi ishlari yuzasidan axboroti eshitildi.
Vazirlik maʼlumotiga ko‘ra 2024-yilda xodimlarning tashabbusi bilan 27 953 ta jinoyat aniqlangan bo‘lib, mazkur amaliyot 23,4 foizga yaxshilangan.
Bundan tashqari, 3 880 nafar shaxslar tomonidan sodir etilgan 3 293 ta korrupsiya va iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar aniqlanib, ular oqibatida yetkazilgan 239 mlrd 584 mln so‘m miqdoridagi zarar undirilishi hamda odam savdosi jinoyatini sodir etgan 219 nafar shaxsga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishi taʼminlangan.
Bevosita mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Natijada jami mahallalarning 30,6 foizida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan. O‘z navbatida, jinoyatlar qayd etilgan mahallalarning 14,3 foizi “qizil” toifaga kiritilgan.
Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 54 ming nafardan ortiq xotin-qizga himoya orderi berilgan. Oilaviy muammolar va zo‘ravonlikka duch kelgan xotin-qizlarning 625 nafari ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga joylashtirilgan.
Muhokama jarayonida huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi yo‘nalishida muayyan kamchiliklar, o‘z yechimini kutayotgan masalalar va to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Xususan, 2024-yilda mamlakatda 132 298 ta jinoyat sodir etilgan. Jami jinoyatlar soni mamlakat bo‘yicha har 100 ming aholiga qariyb 200 tadan to‘g‘ri kelgan.
Oldi olinishi lozim bo‘lgan jinoyatlar soni hanuzgacha jinoyatlarning salmoqli qismini tashkil etmoqda.
Oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatchilikning asosiy ulushini o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlari tashkil etib, ularning 59,4 foizi yoshlar va 36,1 foizi ilgari sudlanganlar tomonidan sodir etilgan.
Bundan tashqari, jinoyatlarning 7 mingdan ortig‘i ishsizlar tomonidan sodir etilgani, joylarda aholini ish bilan taʼminlash masalalari ham samarali hal etilmayotganini aytib o‘tildi.
Kiberxavfsizlik yo‘nalishida 58,8 mingta jinoyat sodir etilgani va ularning 97,7 foizi fuqarolarning bank plastik kartalaridagi pullarni qo‘lga kiritish bilan bog‘liqligi tanqid ostiga oldi.
Shu bilan birga, majlisda barchamizni tashvishga solayotgan yana bir masala – yo‘l-transport hodisalarining soni yuqoriligiga ham eʼtibor qaratildi.
Qo‘mita raisining so‘zlariga ko‘ra avtomobil yo‘llarida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari soni, unda jarohatlanganlar va vafot etganlar soni 2023 yilga nisbatan kamayishga erishilgan bo‘lsa-da, yo‘lovchilar xavfsizligini taʼminlash yuzasidan taʼsirchan nazorat hali ham to‘liq va samarali o‘rnatilmagan.
Oqibatda hisobot davrida 9 364 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, 8 901 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 203 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Yo‘l-transport hodisalarining 47,1 foizi haydovchilar tomonidan piyodaga yo‘l bermaslik hamda 22,8 foizi belgilangan tezlikka, 3,7 foizi uxlab qolishi va 3,6 foizi svetoforga amal qilmaslik oqibatida sodir bo‘lgan.
Respublika hududida shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashuvchi avtobuslarni nazorat qilish bo‘yicha o‘tkazilgan maxsus reyd tadbirlarida avtobusni mast holda boshqarish bilan bog‘liq 61 ta holat aniqlangan.
Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Qo‘mitaning aniq taklif va tavsiyalari aks ettirilgan tegishli qarori qabul qilindi.
Qarorda oldi olinishi lozim bo‘lgan jinoyatlar salmog‘i ortib borayotgan hududlarda haqiqiy ahvolni o‘rganish va vaziyatni yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish kerakligi belgilandi.
Shuningdek, kiberjinoyatlardan aksariyat fuqarolarning jabr ko‘rayotganligini inobatga olib, qarorda banklar va elektron to‘lov tizimlari operatorlari faoliyatiga maxsus dasturiy taʼminotlar (antifrod kabi) joriy etish, zamonaviy tahdidlarning, bank kartalari bilan, shu jumladan elektron to‘lov tizimlari orqali noqonuniy operatsiyalarning oldini olish bo‘yicha maxsus tezkor-texnik tadbirlar o‘tkazilishini kuchaytirish kabi boshqa masalalar aks ettirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22620 | Инструменты