Toshkentda SHHTning Iqlim muammolari bo‘yicha innovatsion yechimlar markazi tashkil etilishi mumkin

Prezident Shavkat Mirziyoyev “SHHT plyus” formatidagi uchrashuvda nutq so‘zladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari so‘zining avvalida Qozog‘iston prezidenti hurmatli Qosim-Jo‘mart To‘qayevga Ostonadagi samimiy qabul va sammitni ajoyib tarzda tashkil etgani uchun minnatdorlik izhor etdi.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Qozog‘iston Respublikasi prezidenti hurmatli Qosim-Jo‘mart Kemelevich To‘qayevga Ostonadagi samimiy qabul va sammitni ajoyib tarzda tashkil etgani uchun yana bir bor minnatdorlik izhor etmoqchiman.

Qozog‘istonning tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishni ta’minlagan SHHTdagi samarali raisligini yuksak qadrlaymiz.

Uchrashuvimizda kuzatuvchi davlatlar, muloqot bo‘yicha sherik mamlakatlar rahbarlari va faxriy mehmonlarni ko‘rib turganimdan xursandman.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Keng formatdagi “SHHT plyus” majlisini ayni vaqtida va bugungi zamonning talabi bilan o‘tkazilayotgan tadbir, deb hisoblayman. Hozir dunyo ishonch, adolat va hamjihatlik qayta tiklanishiga har qachongidan ham ko‘proq ehtiyoj sezmoqda.

Global siyosiy va iqtisodiy “parchalanishlar”, urushlar va mojarolar xalqaro munosabatlar tizimi asosi va hal qiluvchi tamoyillarining yemirilishiga olib kelmoqda. Qarama-qarshilik va proteksionizm jahon iqtisodiyoti parchalanishi va yetkazib berish zanjirlari uzilishiga sabab bo‘lmoqda. Mamlakatlarning savdo, moliya, sarmoya, texnologiya va innovatsiyalar transferi sohalaridagi samarali hamkorligida to‘sqinlik qiladigan yangi ajratuvchi chegaralar vujudga kelmoqda.

Ushbu muammolarni hal qilishning yagona yo‘li — umumiy xavfsizlik, taraqqiyot va farovonlik uchun sa’y-harakatlarimizni birlashtirishdir.

SHHT har doim xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va BMTning markaziy muvofiqlashtiruvchi roliga tayanadigan ko‘p tomonlamalik asosidagi adolatli dunyo tartiboti tarafdori bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Shu ma’noda, tashkilotimiz soxta siyosiy va mafkuraviy qarashlardan xoli bo‘lgan keng ko‘lamli hamkorlikni o‘rnatishga intilayotgan ko‘plab mamlakatlarni o‘ziga tortadigan markaz bo‘lib qolmoqda.

Shu bilan birga, bugungi kunda yuzaga kelgan voqelik Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyati samarasini oshirishda yangi strategik yondashuvlarni talab etmoqda. Va bugungi kunda o‘zining 25 yilligi arafasida turgan SHHT uchun uning ulkan salohiyati hamda jahon siyosati va iqtisodiyotidagi ortib borayotgan roliga mos keladigan yangi maqsad va vazifalarni ishlab chiqish vaqti keldi.

“Shanxay ruhi” va Xartiyaning asosiy tamoyillariga tayanib, Tashkilot ichida birdamlik va jipslikni saqlash lozim. SHHT doirasida ishonch va do‘stlik muhitini mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirishni, hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishni taklif qilaman.

Avvalo, xavfsizlikni ta’minlash masalalarida SHHT faoliyatining konseptual asoslariga yangi nigoh bilan qarashimiz zarur.

Tashkilot ta’sis etilgan davrdan buyon zamonaviy tahdidlarning tabiati va miqyosi sezilarli darajada o‘zgardi. Ekologik va tabiiy ofatlar, suv resurslari va oziq-ovqat taqchilligi, kiberhujumlar, suverenitet va iqtisodiy barqarorlikka putur yetkazishning yangi uslublari kuchayib borayotgan tahdidlardir.

SHHT salohiyatini mustahkamlash masalalarini ko‘rib chiqishda, jumladan, Xavfsizlikka xatar va tahdidlarga qarshi kurash bo‘yicha universal markazni tashkil etishda, bularning barchasini inobatga olish zarur. Bu borada mamlakatlarimiz vakolatli organlari rahbarlari va ekspertlari ishtirokida har yili “Xavfsizlik masalalari bo‘yicha SHHT plyus muloqoti”ni o‘tkazishni taklif etaman.

O‘zbekiston SHHT makonida hamon tarqoq holda bo‘lib kelayotgan savdo-iqtisodiy hamkorlikni izchil “qayta ishga tushirish”ni taklif qiladi. Biz haliga qadar ko‘p tomonlama savdo va tarmoqlararo sheriklikning mustahkam asoslarini yarata olmadik. Ancha vaqtdan buyon SHHT jamg‘armasi va Taraqqiyot bankini tashkil etish masalasi bo‘yicha konsensusga erishilmadi.

Biz bugun sammitda savdo jarayonlarini soddalashtirish va elektron savdoni rivojlantirish, texnologik kooperatsiyani, shu jumladan, kelajak sanoat tarmoqlarini rag‘batlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilishga kelishib oldik.

Barcha sheriklarni jalb qilgan holda biznes-muloqot uchun samarali platformani yaratish maqsadida mamlakatlarimizda har yili “SHHT EKSPO” xalqaro sanoat ko‘rgazmasini o‘tkazishni taklif etamiz.

Shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, ASЕAN va boshqa tashkilotlar bilan iqtisodiy munosabatlarni faol ilgari surish va o‘zaro bog‘liq qo‘shma tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarini izlash muhimdir.

Bugungi yangi geosiyosiy voqelik sharoitida mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash uchun inklyuziv va integratsiyalashgan transport-tranzit tizimlarini shakllantirish zarurligiga ishonch hosil qilmoqdamiz.

Iqlim o‘zgarishi va ekologik fojialar kabi global muammolar tashkilotimiz e’tiboridan chetda qolib ketishi mumkin emas. Mamlakatlarimiz tabiiy ofatlar, tuproq degradatsiyasi, qishloq xo‘jaligida hosildorlik pasayishi, havoning ifloslanishi, suv yetishmasligi kabi muammolar bilan tez-tez to‘qnash kelmoqda.

Iqlim muammolari bo‘yicha hamkorlik SHHT yangi kun tartibining muhim qismi bo‘lishi lozim, deb hisoblayman.

“Yashil” taraqqiyot sohasida umumiy maqsad va vazifalarga erishish borasida aniq chora-tadbirlar belgilangan Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda hamkorlik bo‘yicha bitim ishlab chiqish tarafdorimiz.

Toshkent shahrida SHHTning Iqlim muammolari bo‘yicha innovatsion yechimlar markazini tashkil etishni taklif qilamiz. Markaz ekologik barqarorlik, “yashil” o‘sish sohalarida tadqiqotlar olib boradi.

Aholining hayot sifatini yaxshilash va ijtimoiy himoya masalalari tashkilot kun tartibida markaziy o‘rinni egallashi lozim. Kelgusi yili Samarqand shahrida Kelajak sammiti maqsadlariga erishishga munosib hissa qo‘shish uchun BMT shafe’ligida barqaror ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha global konferensiya o‘tkazishni rejalashtirganmiz.

Biz sivilizatsiyalararo muloqotning noyob modelini ilgari surishimiz va birgalikda mustahkamlashimiz zarur. Boy madaniy-tarixiy va ma’naviy meros, an’ana, urf-odatlar va xalqlarimizning turmush tarzi – bu o‘zaro ishonch ko‘prigini, yaxshi qo‘shnichilik va yaqin do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan qudratli va hayotbaxsh kuchdir.

Aynan ana shu ezgu g‘oya yaqinda bizning umumiy tashabbusimiz bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasida muloqot kuni” rezolyutsiyasida o‘z ifodasini topgan.

Bu borada biz ilgari surgan, konstruktiv muloqot va ko‘p tomonlama sheriklik yo‘li bilan ishonch taqchilligining oldini olishga qaratilgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida hamjihatlik bo‘yicha Samarqand tashabbuslari har qachongidan ham dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Ushbu tashabbusning amalga oshirilishi barqaror rivojlanish yo‘lidagi ziddiyatlarni yengib o‘tishda sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Aminmanki, biz birgalikda madaniyat, ta’lim, yoshlar va sayyohlik almashuvlar sohasidagi dasturlarni amalga oshirish orqali tashkilotimizni yanada bunyodkor tuzilmaga aylantiramiz.

Shu maqsadda yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan yo‘nalishlardagi loyihalarni tizimlashtirish va barcha manfaatdor tomonlarni jalb etgan holda birgalikda amalga oshirishga xizmat qiladigan SHHT gumanitar tashabbus va dasturlari yagona bankini ishlab chiqishni taklif etamiz.

Ushbu uchrashuvimiz yakunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi ko‘p qirrali sherikligimiz rivojiga kuchli turtki berishiga ishonaman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72405 | Инструменты