Huawei 1
Transport sohasidagi vazifalar ko‘rsatib o‘tildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-yanvar kuni transport va logistika tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

So‘nggi yetti yilda mahalliy tashuvchilarni qo‘llab-quvvatlash natijasida yuk avtomobillari soni 7 karra oshib, 26 mingga yetgan. Ularning xalqaro tashishdagi ulushi esa 35 foizdan 60 foizga oshgan.

Lekin dunyodagi geosiyosiy vaziyat bu sohada qiyinchilik tug‘dirmoqda. G‘arb yo‘nalishida tashish muddati 2 karra, xarajati esa 1,5 barobargacha oshib ketayapti. Ayrim Yevropa mamlakatlari chegaralaridagi o‘tkazish punktlari yopilgan, boshqalarida uzoq navbatlar yuzaga kelgan.

Shu bois transport-logistika tizimini izchil rivojlantirish va tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish zarurligi ta’kidlandi.

Xususan, xalqaro va mintaqaviy bozorlarga olib chiqadigan muqobil yo‘nalishlar bo‘ylab joylashgan mamlakatlar bilan tranzit yuk tashuvlarni soddalashtirish va erkinlashtirish, chegaralarda undiriladigan yig‘imlarni o‘zaro tenglik asosida kamaytirish yoki bekor qilish choralarini ko‘rish kerak.

Yurtimizda yuk jo‘natuvchi va tashuvchini o‘zaro bog‘laydigan ekspeditorlik xizmatlarining asosiy qismi xorijiy kompaniyalarga to‘g‘ri keladi. Bu sohada mahalliy ekspeditorlarimizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning xalqaro yuk tashishdagi xizmatlariga qo‘shilgan qiymat solig‘i olinmaydigan bo‘ldi. Natijada mahalliy korxonalar ulushini 45-50 foizga chiqarish imkoniyati ko‘rsatib o‘tildi.

Shu kabi choralar orqali xalqaro yuk tashish hajmini 2 karra oshirish, transport xizmatlari eksportini kamida 3 milliard dollarga yetkazish vazifasi belgilandi.

O‘zbekiston hududi orqali tranzit tashuvlar hajmini ko‘paytirish ham muhim. Bu borada yaratilayotgan qulayliklar natijasida mamlakatimiz so‘nggi yillarda Jahon bankining logistika bo‘yicha indeksida yuqorilamoqda. Bu tranzit salohiyati bilan birga investitsiya oqimi oshishiga, umuman, savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga xizmat qiladi.

Mutasaddilarga elektron navbat tizimini keng joriy etib, chegaradan o‘tish vaqtini 20 daqiqagacha qisqartirish, transport vositalarini onlayn kuzatish tizimini yo‘lga qo‘yish orqali qo‘shimcha yuk oqimlarini jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yana bir masala – yo‘nalishsiz taksi xizmatlariga tegishli. Ikki yil oldin jismoniy shaxslarga o‘zini o‘zi band qilgan holda taksichilik qilishiga vaqtinchalik ruxsat berilgan edi. Buning natijasida taksichilar soni 6 barobar oshib, 457 mingga yetdi. Shu bois endi bu tartib doimiy bo‘lishi aytildi.

Taksilarga mijoz topishda qulay axborot xizmatlari bozori shakllandi. Hozirda 151 ta agregator kompaniyalar ish yuritayapti va bu yana o‘sib borayapti. Shu bois agregatorlar faoliyatini tartibga solish, ularning davlat, haydovchi va yo‘lovchilar oldidagi majburiyatini aniq belgilash vazifasi qo‘yildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11201 | Инструменты