Huawei 1
Ulugʻbek Roʻziqulov Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasining raisi etib saylandi

Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston gimnastika federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Yoshlar siyosati va sport vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov (onlayn), MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosari Azizjon Kamilov, Go‘zal Mo‘minova boshchiligidagi federatsiya mutasaddilari, gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktablari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirni Oybek Omilovich ochib berar ekan, dastavval konferensiya mohiyati haqida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, federatsiyaning avvalgi rahbari boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan tashkilotga yangi rais saylash konferensiya kun tartibidagi asosiy masala ekanini taʼkidladi. MOQ Bosh kotibi ushbu lavozimga federatsiya bosh homiysi “O‘zavtosanoat” AK boshqaruv raisi Ro‘ziqulov Ulug‘bek Ubaydullayevich nomzodini ilgari surdi. Konferensiya qatnashchilari bir ovozdan ushbu nomzodni qo‘llab-quvvatlashdi va U.Ro‘ziqulov O‘zbekiston gimnastika federatsiyasining raisi etib saylandi.

O‘z navbatida, Ro‘ziqul Ubaydullayevich bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirib, Prezidentimizning “Gimnastika sport turlarini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini taʼminlash, mavjud muammo va masalalarni hal etish, gimnastika rivojini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safarbar qilishini taʼkidladi. Shuningdek, u hududlarga eʼtiborni yana-da kuchaytirish, viloyatlardagi moddiy-texnik bazani kuchaytirish, sportchilarni har tomonlama rag‘batlantirish kabi masalalarga ham to‘xtaldi.

Tadbir davomida federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari Go‘zal Mo‘minova Prezident Qarori bo‘yicha federatsiya miqyosida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berdi. Sh.Mahmudov federatsiya rahbarini yangi lavozimga saylangani bilan tabriklab, unga sportchilarimizning Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarida munosib ishtiroklarini taʼminlash kabi masʼuliyatli vazifalarni bajarish yo‘lida kuch-quvvat tiladi. Shuning bilan, federatsiyaning navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o‘z ishini yakunladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga