Huawei 1
Xalqaro moliya korporatsiyasi vakillari bilan davlat-xususiy sheriklik dasturlarini rivojlantirish yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi

Joriy yilning 23-oktabr sanasida Jahon banki guruhi va Xalqaro valyuta jamg‘armasining (XVJ) yillik uchrashuvlari doirasida Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) boshqaruvchi direktori va ijrochi vitse-prezidenti Maxtar Diop hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov boshchiligidagi delegatsiya vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda XMKning Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo, Turkiya, Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha mintaqaviy vitse-prezidenti Hela Sheyxruxu, Markaziy Osiyo va Turkiya bo‘yicha mintaqaviy direktor Vibke Shlomer, Davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha direktor Linda Rudo Munyengeterva hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruv raisi Mamarizo Nurmuratov va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.

Muloqot davomida tomonlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohot dasturlari, jumladan, davlat-xususiy sheriklik dasturlari asosida amalga oshirilayotgan loyihalar, DXSh sohasini rivojlantirish maqsadida shakllantirilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning ahamiyati, xususiylashtirish va transformatsiya jarayonlari, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini kuchaytirish hamda ushbu sohalarda hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Xususan, DXSh yo‘nalishida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi “O’zbekiston Respublikasida 2024–2030-yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarorining muhim ahamiyatga ega ekanligini hamda ushbu qaror istiqbolda DXSh yo‘nalishini yangi bosqichga olib chiqishda navbatdagi ulkan qadam bo‘lganligi alohida ta’kidlandi.

Muzokaralar yakunida tomonlar yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va mustahkamlashga kelishib oldilar.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102514 | Инструменты