Huawei 1
Inflyatsion targetga erishish muddati nega 2026 yilgacha surildi?

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev O‘zbekistonda 5 foizlik inflyatsion targetga 2025 yilda emas, 2026 yilning ikkinchi yarmida erishilishi kutilayotganiga izoh berdi. U «Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi» doirasidagi sessiyadan so‘ng “Gazeta.uz” muxbirining bu haqidagi savoliga javob berdi.

«Nima uchun inflyatsion targetga erishish bo‘yicha asosiy ssenariydagi muddatlar kechiktirilmoqda? Markaziy bank ishlab chiqqan asosiy ssenariy emas, alternativ ssenariy yuz berayotganining sababi nimada? Energetika tariflari o‘zgarishi asosiy ssenariyda ham hisobga olingan edi-ku?» Mazkur savolga Behzod Hamrayev quyidagicha javob berdi.

«Bu ssenariylarda hisobga olingan omillar bilan amalda yuz bergan vaziyatning farqi bor. Birinchidan, tariflar liberalizatsiyasi ikki bosqichda amalga oshirilyapti, bir martada o‘tib ketgani yo‘q. Shuningdek, yana boshqa o‘ziga xos xususiyatlari bor», — deya taʼkidladi regulyator rahbari o‘rinbosari.

Maʼlumot o‘rnida, inflyatsion targetlash — davlat organlari mamlakatda inflyatsiya darajasini nazorat qilish maqsadida amalga oshiradigan monetar choralar majmui hisoblanadi. Buning uchun o‘rta muddatli makroiqtisodiy prognoz belgilanishi, keyin esa prognozdan chetga chiqish kuzatilganida iqtisodiyotdagi optimal holatga qaytish imkonini beruvchi chora-tadbirlar majmui aniqlab olinishi lozim.

Behzod Hamrayev, shuningdek, inflyatsion targetga erishishda eng katta xatar nima ekani haqidagi savolga ham javob berdi.

«Avvaliga biz targetga 2023 yil yetmoqchi edik. Lekin kovid pandemiyasi va undan keyin yuzaga kelgan geosiyosiy vaziyat tufayli targetga erishish vaqtini 2025 yilgacha kechiktirdik. Keyingi hafta o‘zimizning hisob-kitoblarimizni eʼlon qilamiz. Targetga erishish vaqti 2026 yilgacha kechikishi mumkin. Chunki oldimizda narxlarni liberallashtirishning ikkinchi bosqichi turibdi. Bu kelasi yilning aprel oyida amalga oshirilishi lozim», — dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu masalada katta risklar mavjud emas. Chunki fiskal konsolidatsiya (davlat byudjeti taqchilligini kamaytirishga qaratilgan muayyan chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda) masalasi kun tartibida turibdi.

«Byudjet taqchilligi bu yil YAIMga nisbatan 4 foizgacha, kelasi yil 3 va yaqin kelajakda 2,5−2 foizgacha pasaytirilishi lozim. Qatʼiy byudjet siyosati bilan parallel ravishda biz ham qatʼiy choralar ko‘rishda davom etamiz. Bu safargi yig‘ilishda biz uch yillik monetar siyosat bo‘yicha asosiy yo‘nalishlarimizni eʼlon qilishimiz kerak, bu 31 oktyabr kuni tayyor bo‘ladi», — dedi Behzod Hamrayev.

Markaziy bank raisi o‘rinbosarining aytishicha, inflyatsion xatarlar har doim mavjud bo‘lgan va ular oldindan kutilgan fundamental xatarlar yoki vaqtinchalik xatarlar bo‘lishi mumkin.

«Misol uchun, bu taklif tomonidagi uzilishlar, bu yil iyul oyida go‘shtning ulgurji narxlari oshishi va avgust oyida buning aks etishi bilan bog‘liq sodir bo‘lgan holat kabilar bo‘lishi mumkin. Yoki o‘zlaring bir necha bor muhokama qilgan yoqilg‘i narxlari, propan-butan, metan narxlari oshishi kabi holatlar ham bunga misol bo‘la oladi. Bular vaqtinchalik va baribir qachondir taklif tomondan bu masala yechiladi. Bir bozorda kamayib qolsa, boshqa bozordan kirib keladi», — dedi u.

Behzod Hamrayev fundamental omillar masalasi yechib borilayotgani muhimroq ekanini qayd etdi.

«Masalan, byudjet defitsiti bo‘yicha bu yil 4 foizlik, kelasi yildan esa YAIMga nisbatan 3 foizlik chegaragacha pasayish kutilyapti. Yoki imtiyozli kreditlarning kamayishi, buyog‘iga to‘liq bozor shartlariga o‘tilayotgani ham misol bo‘la oladi. Fundamental omillar masalasi yechilib borayotgani muhim. Vaqtinchalik omillar doim mavjud bo‘ladi, biri chiqib, hal qilinib, keyin ikkinchisi chiqib, shu tariqa davom etaveradi», — dedi u.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102516 | Инструменты