Xalqaro moliya loyihalarida qo‘shib yozish va mablag‘larni talon-toroj qilish holatlari kuzatilgan

Prezident raisligida eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024-yilda turgan vazifalar bo‘yicha yig‘ilish bo'lib o'tdi

Xalqaro moliya tashkilotlari hisobidan amalga oshirilayotgan baʼzi loyihalarning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmagani va tender o‘tkazilmaganligi uchun mablag‘lar ishlatilmay qolmoqda.

Davlat kafolati ostida mablag‘ jalb qilingan ayrim loyihalarda kechikish, qo‘shib yozish va mablag‘larni talon-toroj qilish holatlari ham bor.

Mutasaddilarga xalqaro moliya institutlari bilan ishlash tizimini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Bunda loyihalar tanlashdan oldin jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi, texnik-iqtisodiy asoslar moliya institutlari standartlari bilan uyg‘unlashtiriladi, tender jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi va takliflarni baholash muddati 1 oydan oshirilmaydi, moliya institutlari bilan ishlaydigan mutaxassislar uchun o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Shuningdek, xususiy sheriklikni rivojlantirish, xorijdagi tashkilotlardan grantlar jalb qilishni faollashtirish, shu jumladan elchilarning bu boradagi faolligi va masʼuliyatini oshirish zarurligi qayd etildi.

Prezident sanoatda ishlab chiqarishni ko‘paytirish masalalariga to‘xtaldi.

O‘tgan yili ayrim korxonalarda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi kamaygani qayd etildi.

Nukus, Jizzax, Bekobod shaharlari, Sharof Rashidov, Dehqonobod, Uchqo‘rg‘on, Urganch tumanlarida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda o‘sish bo‘lmagani munosabati bilan Bosh vazirga ushbu 7 ta hudud hokimlarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.

Hududiy sanoatni rivojlantirish uchun 24 ta maxsus iqtisodiy hudud tashkil qilingan. Ularga soddalashgan tartibda yer ajratiladi, soliqdan imtiyozlar bor.

Lekin ayrim hudud rahbarlari buni suisteʼmol qilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, respublika bo‘yicha infratuzilmasi bor 800 gektar maxsus iqtisodiy hududlarning yeri bo‘sh bo‘la turib, hokimlar ularning hududini kengaytirish bo‘yicha murojaat qilmoqda.

Endilikda hokimlar maxsus iqtisodiy hududlardagi barcha yerlarni to‘liq o‘zlashtirmay turib, uni maydonlarini kengaytirish bo‘yicha tashabbus bilan chiqishi man etiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61307 | Инструменты