14-may kuni Toshkentda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi Men G‘olib ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi

4-may kuni O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasida, 14-mayda Humo Arena sport majmuasining start-finish maydonchasida bo‘lib o‘tadigan Men g‘olib xarbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishga bag‘ishlangan matbuot brifingi bo‘lib o‘tdi.

Brifingda O‘zbekiston yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Durdona Rahimova, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi bosh kotibi Kamoliddin Ro‘zamuhamedov, yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Guzel Xubbiyeva hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Ommaviy yugurish musobaqasi Yengil atletika federatsiyasi, bosh hamkor – “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Toshkent shahar hokimiyati ko‘magida tashkil qilinmoqda.

Men G‘olib vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasi an’anaviy ravishda muhim davlat sanalari – Vatan himoyachilari kuni, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa kuchlari tashkil etilganligi hamda Xotira va qadrlash kunini nishonlashga bag‘ishlangan holda o‘tkaziladi.

Kuch ishlatuvchi tuzilmalar xodimlari, harbiy xizmatchilar, harbiy ta’lim muassasalari kursantlari, sport klublari a’zolari va faol hayot tarzini sevuvchilar yiliga ikki marotaba jamoaviy va yakkalik ommaviy yugurish musobaqasida qatnashadilar.Men gʻolib harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish poygasini oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad aholi oʻrtasida yugurish va sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish, harbiy xizmatchilarning sport ruhini saqlash va doʻstona sport aloqalarini rivojlantirish, kuch ishlatuvchi tuzilmalar idoralarining vakillari orasidan eng kuchli jamoalarni aniqlashga qaratilgan.

Bo‘lib o‘tadigan Men gʻolib ommaviy yugurish musobaqasi 14-may kuni o‘tkazilib, Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlanadi.

Harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasi yildan yilga kuch ishlatuvchi tuzilmalar va yugurish havaskorlari orasida katta qiziqish qozonmoqda. Ushbu sport tadbiri ilk marotaba 2000 ga yaqin ishtirokchini birlashtiradi. Ommaviy yugurish musobaqasining dasturi kengaytirildi va unga 3 ta masofa kiritildi: yarim marafon – 21,1 km,  chorak marafon - 10,5 km va 3 km ga ommaviy yugurish musobaqasi. Ommaviy yugurish musobaqalari o‘tkaziladigan kunda ishtirokchilar yig‘ilishi - 06:00 da boshlanadi, start 07:00 da beriladi.

Men gʻolib kubogini qo‘lga kiritish uchun Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Prezident Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi vakillaridan iborat 7 ta jamoa hamda kuch ishlatuvchi tuzilmalar ta’lim muassasalarining 6 ta jamoasi kurash olib boradi.

Tashkilotchilar tomonidan 14 ta nominatsiya uchun qimmatbaho sovg‘alar ko‘zda tutilgan: planshet, smartfon, smart soatlar, elektr skuterlar, noutbuklar va esdalik sertifikatlari.

Men gʻolib ommaviy yugurish musobaqasida qatnashish istagini bildirgan barcha yuguruvchilar 10-mayga qadar Iticket.uz saytida pullik roʻyxatdan oʻtgan holda ariza topshirishlari mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61206 | Инструменты