15-apreldan pedagog kadrlar uchun malaka sinovlari boshlanadi

15-apreldan pedagog kadrlar uchun malaka sinovlari boshlanadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, malaka toifasini olish bo‘yicha sinovlar bir yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda o‘tkaziladi va 100 ballik tizimda baholanadi.  

Birinchi bosqichda – pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi (80 ball), ikkinchi bosqichda – pedagogik mahoratini (20 ball) baholash tartibi joriy qilinmoqda.  

Har ikkala bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn) o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda pedagoglarning mutaxassislik fani bo‘yicha 35 ta hamda kasbiy standartlariga oid 5 ta test savoli, ikkinchi bosqichida esa pedagogik mahoratni aniqlash maqsadida 10 ta savol-topshiriq beriladi.Toifa berish jarayonlariga tashqi aralashuvning oldi olinib, inson omili minimallashtirilgan.  

2025-yil 1-yanvarga qadar malaka toifalarini berish tizimini vakolatli xorijiy tashkilotlarning akkreditatsiyasidan o‘tkazish orqali pedagog kadrlarga xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. 

Bunda xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini olgan pedagog kadrlarga tarif stavkalarining amaldagi miqdorlariga nisbatan 70 foiz miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanadi. Attestatsiya natijasiga ko‘ra, pedagog kadrlarning oylik ish haqlariga kiritiladigan o‘zgarishlar avtomatik tarzda hisoblab chiqarilishi uchun UzASBO yoki boshqa moliyaviy hisob-kitob dasturlariga yuboriladi.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72706 | Инструменты