12-iyun kuni Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi huzurida tashkil etilgan O‘zbekistonda o‘smirlar va yoshlar ruhiy salomatligini profilaktika qilish va mustahkamlash masalalari bo‘yicha idoralararo ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda o‘smirlar va yoshlar ruhiy salomatligi bilan bog‘liq bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi. Dastlab maxsus ijtimoiy-emotsional o‘quv soatlarini (SEL) umumtaʼlim maktablarida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida giyohvandlik va psixotrop moddalar isteʼmolining oldini olish yuzasidan olib borilayotgan ishlar holati ham muhokama qilindi.
So‘nggi uch yil (2021-2023 yillar) mobaynida mazkur yo‘nalishda 25 mingga yaqin jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 17 mingdan ortiq shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Shundan 5 mingga yaqini (30 %) 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslarni tashkil etgan.
Tahlillarga ko‘ra narkojinoyat sodir etgan yoshlarning soni yildan yilga o‘sib bormoqda. Xususan, 2021-yilda bunday jinoyatlar sodir qilganlarning 23 foizni yoshlar tashkil qilgan bo‘lsa, 2022-yilda 24,6 foizga, 2023-yilda esa 31,2 foizga yetgan.
Internetda psixotrop moddalar savdosiga ixtisoslashgan 52 ta axborot resursi aniqlangan. Ularning 14 tasi veb-saytlarni, 38 tasi esa telegram messenjerini tashkil etgan. Eng achinarlisi, telegram kanallari orqali 120 mingga yaqin foydalanuvchi qamrab olingan.
IIV masʼullari ushbu illatga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida ko‘rilayotgan taʼsirchan choralar hamda istiqboldagi rejalar haqida maʼlumot berib o‘tdi.
Muhokama jarayonida ishchi guruh aʼzolari tomonidan giyohvandlik va zaharvandlikka qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish zarurligi, xususan, unda javobgarlik masalasini qayta ko‘rib chiqish lozimligi qayd etildi hamda tegishli takliflar ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51817 | Инструменты