Huawei 2
2023-yilda O'zbekiston aholisining kambag‘allik darajasiga ta’sir etgan omillar tahlil qilindi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2023-yilda aholining kambag‘allik darajasi va unga ta’sir etgan omillarni tahlil qildi.

Ma’lumot uchun: tahlil jarayonida O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Statistika agentligi ma’lumotlaridan foydalanildi.

O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini kamaytirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar natijasida o‘tgan yilda ushbu ko‘rsatkich 14,1 foizdan 11,0 foizgacha pasaydi. Bunday natijaga erishilishiga bir qator omillar ta’sir etgan.

Asosiy omillar sifatida quyidagilarni qayd etish lozim:

- 2023-yilda mamlakatda barqaror iqtisodiy o‘sishga erishildi va u 2022-yildagiga nisbatan 6,0 foizni tashkil etdi. Bu davrda inflyatsiya darajasining oshishi nisbatan sekinlashdi (12,3 foizdan 8,8 foizgacha). Shundan kelib chiqib, aholining eng muhim oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan xarid qobiliyati oshishiga erishildi;

- aholining umumiy daromadlari 2023-yilda 2022-yildagiga nisbatan 115,0 foizga oshdi. Aholining umumiy daromadida mehnatdan olinadigan daromadlarning 61,6 foizdan 64,0 foizga o‘sishi ham aholi kambag‘allik darajasining pasayishiga ta’sir ko‘rsatdi;

- tahlil davrida o‘rtacha oylik ish haqi sezilarli darajada, ya’ni 2022-yildagiga nisbatan 117,2 foizga oshib, 4 551,4 ming so‘mni tashkil etdi. Ushbu tendensiyani deyarli barcha hududlarda va sohalarda kuzatish mumkin. 2023-yilning 1-mayidan boshlab, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 920 ming so‘mdan 980 ming so‘mga, 1-dekabrdan boshlab esa 1 050 ming so‘mga oshirildi. Umuman olganda, o‘tgan yil mobaynida ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalarning miqdori jami 14,0 foizga oshdi.

Kambag‘allikni qisqartirishga bevosita ta’sir etgan omillar quyidagilardan iborat:

- kambag‘allikni qisqartirishdagi eng muhim omil bu aholi bandlik darajasini oshirish, ishsizlikni qisqartirishdir. Shu nuqtayi nazardan, 2023-yilda 4,1 mln. kishining bandligi ta’minlandi. Buning 2,3 mln. nafari doimiy va mavsumiy ishlarga, 112,8 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi, 1,6 mln. nafari esa o‘zini o‘zi band qilish hisobiga ish bilan ta’minlandi;

-  “20 ming tadbirkor 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida 6 745 ta tadbirkorlik subyekti bilan 455,0 ming kishining bandligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik shartnomalari imzolandi;

- 472 mingta oilaviy tadbirkorlik loyihasiga 10 trln. so‘m imtiyozli kredit va 73 ming nafar ishsiz fuqaroga 356 mlrd. so‘m subsidiya ajratildi;

- kambag‘allikni qisqartirish maqsadida mahallada faoliyat olib borayotgan hokim yordamchilari tavsiyasi bilan 241,3 ming nafar fuqaroga qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanish uchun ijara asosida yer maydonlari ajratildi;

- kambag‘al oilalarda yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘rgatishga e’tibor yanada kuchaytirildi. Jumladan, o‘tgan yilda 181 ming nafar ishsiz fuqaro kasb-hunarga o‘qitildi va 183,8 mingta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi;

 “O‘zbekiston-2030” strategiyasiga muvofiq, 2024-yilda kambag‘allik darajasini 10,0 foizgacha tushirish rejalashtirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga