2024-yilda Toshkent shahrida huquq-tartibot organlarining uzviy hamkorligida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yish, ayniqsa yoshlar orasida ushbu illat tarqalishining oldini olishga qaratilgan manzilli tadbirlar amalga oshirilgan.
Tadbirlar natijasida 240 killogramga yaqin giyohvandlik va psixotrop moddalar aholi orasida tarqalishining oldi olindi, narkotiklarni reklamasini targ‘ib qiluvchi 7 162 ta holatda "narkograffiti" yozuvlari aniqlanib, o‘chirildi. Narkotiklar savdosi va ularni targ‘ib qilayotgan 13 mingdan ortiq ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar va kanallar faoliyatiga chek qo‘yildi.
Afsuski, bugungi kunda barcha rivojlangan davlatlar va yirik megapolis shaharlarda kuchli ta’sir qiluvchi, psixotrop va giyohvandlik moddalarning yangicha turlari hamda ular savdosining yangi usullar kun sayin keng tarqalmoqda.
Masalan, maxsus elektron hamyonlar orqali to‘lovi amalga oshirilib, "sotuvchi" va "haridor"ning to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotisiz, "zakladka" (yashirish) yo‘li orqali noqonuniy muomalasi paydo bo‘lgan.
Ushbu holatlarni inobatga olib, aholi orasida narkotiklarning tarqalishini oldini olish maqsadida Toshkent shahar huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qo‘shma harakatlari asosida 15-yanvardan boshlab "Xavfsiz va sog‘lom poytaxt" kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazilishi tashkil etildi.
Kompleks tadbirlar o‘z oldiga aholi, ayniqsa xotin-qizlar va yoshlarda "giyohvandlikka qarshi immunitet"ni, o‘quvchi va talabalar orasida kuchli ta’sir qiluvchi dorilar iste’moliga murosasiz munosabatni shakllantirish kabi maqsadni qo‘ymoqda.
Bunda poytaxt hududidagi barcha 468 ta maktablar va 90 ta oliy ta’lim muassasalarida, 585 ta mahallalarda, korxona-tashkilotlar hamda aholi gavjum joylarda uchrashuvlar o‘tkazilib, targ‘ibot-tashviqot va tarbiyaviy-profilaktik tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, Internet va ijtimoiy tarmoqlar vositasida narkotiklarni sotish holatlarini aniqlash, ularning uyushgan jinoiy sxemalarini fosh etish, yoshlar orasida ushbu moddalarning tarqalishiga chek qo‘yish bo‘yicha manzilli tezkor-profilaktik choralar ko‘riladi.
Qayd etish lozimki, aholimizni mazkur illatdan har tomonlama himoya qilish vazifasi huquq-tartibot idoralari va ta’lim tashkilotlari oldida har doim e’tiborida bo‘ladi hamda buning uchun barcha zarur kuch, vositalar va imkoniyatlar jalb etiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 71320 | Инструменты