Nashriyot bosh muharriri lavozimi uchun yangi talablar belgilandi

3-noyabr kuni prezident imzolagan qonun [O‘RQ-1093-son] bilan «Noshirlik faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritildi. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 15-iyulda qabul qilingan, Senat esa  4-sentabr kuni ma’qullagan.

Qonun bilan «Noshirlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonun bosh muharrirning huquqiy maqomi, unga qo‘yiladigan talablar va mas’uliyatiga oid yangi 151-modda bilan to‘ldirilmoqda.

Unga ko‘ra:

- bosh muharrir nashriyot tahririyatining ijodiy faoliyatiga rahbarlik qiladigan, nashriyotning mavzu rejalari ishlab chiqilishi hamda nashrlarning qonunchilik talablariga, noshirlik faoliyati sohasidagi texnik reglamentlar (milliy standartlar) talablariga muvofiq tayyorlanishi uchun mas’ul ekani;
- bosh muharrir lavozimiga oliy ma’lumotga va noshirlik faoliyatida kamida 3 yil ish stajiga ega bo‘lgan shaxs tayinlanishi mumkinligi;
- bosh muharrir tashkilotning muassisi (muassislari) yoki rahbari tomonidan lavozimga tayinlanishi va lavozimidan ozod qilinishi;
- nashriyot nashrlarini chiqarish to‘g‘risidagi qaror bosh muharrir tomonidan qabul qilinishi;
- bosh muharrir nashriyotning ijodiy faoliyati uchun javobgar ekani;
- bosh muharrir nashrlarning mavzu yo‘nalishlaridan kelib chiqib, tegishli ekspertlar va olimlarning yoki ilmiy-tadqiqot muassasalarining taqrizlarini mustaqil ravishda olishga yoki muallifdan (mualliflardan) ularning taqdim etilishini talab qilish huquqiga ega ekani belgilanmoqda.

Shuningdek, qonun bilan kitobxonlikni rag‘batlantirish kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish va oshirish prinsipi sifatida belgilanmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110502 | Инструменты