2024-yilda O‘zbekistonga elektromobillar va gibrid avtomobillar importi birinchi marta benzinli avtomobillardan oshib ketdi.
O‘tgan yilning yanvar-dekabr oylarida $1,27 mlrdlik 80 mingdan ortiq yengil avtomobillar import qilingan. 2023-yilga nisbatan import hajmi qiymat jihatidan 33,2%ga, soni bo‘yicha esa 7%ga kamaygan.
Jami 32,98 ming benzinli yengil avtomobil import qilindi, bu 36,3%ga pasayishni ko‘rsatdi. Pul ifodasida import hajmi $1,18 mlrddan $707,2 mlngacha (-40%) qisqardi. Xorijiy avtomobillarning o‘rtacha narxi 6%ga pasayib, $21,47 mingni (QQS va bojxona to‘lovlarisiz) tashkil etdi.
O‘z navbatida, “yashil” avtotransport vositalarining olib kirilishi sezilarli darajada ko‘paydi. Masalan, elektr dvigatelli yengil avtomobillar importi yarmiga — 16 mingdan 24 ming donagacha oshdi. Biroq pul hisobida bu ko‘rsatkich 48,2%ga — $224,8 mlngacha pasaydi, elektromobilning o‘rtacha narxi esa deyarli uch barobar — 9,33 ming dollargacha arzonlashdi.
Benzin va elektr yuritmali gibrid avtomobillarning yetkazib berilishi 17,48 ming donaga yetdi (42% o‘sish). Gibridlar importining umumiy qiymati $339,3 mlnga (+17%) teng bo‘ldi. Import qilingan avtomobilning o‘rtacha narxi 17,6%ga pasayib, 23,57 ming dollardan 19,41 ming dollargacha tushdi.
2024-yil yakuniga ko‘ra, ichki yonuv dvigatelli avtomobillarning importdagi ulushi 64,4%dan 44,2%gacha pasaydi. Shu bilan birga, elektromobillarning yetkazib berishdagi ulushi 20%dan 32,3%gacha, gibrid avtomobillarning ulushi esa 15,3%dan 23,4%gacha o‘sdi. Natijada, yangi energiya manbalari (NEV) avtomobillari birinchi marta benzinli mashinalardan o‘zib ketdi: mos ravishda 55,7% va 44,2%.
Bundan tashqari, 22 ta dizel dvigatelli avtomobil import qilindi — bu dona hisobida deyarli yetti barobar kamayish demakdir. Biroq, ularning import qiymati 45,9%ga oshib, $5 mlndan yuqoriga chiqdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12211 | Инструменты