Respublikaning ko‘plab hududlarida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Situatsion markazi tomonidan o‘rnatilgan onlayn kuzatuv kameralari orqali belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar aniqlanmoqda. Xususan, 2024-yilda Namangan, Andijon va Farg'ona viloyatlaridagi salbiy holatlar onlayn kameralarga muhrlandi.
Unga ko‘ra, Namangan viloyatida 13 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan bo‘lib, o‘tgan yilda jami 4835 qoidabuzarlik holati qayd etilgan. Shundan 410 holatda huquqbuzarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik qo‘llanilgan va jarima belgilangan. Qolgan 4425 qoidabuzarlikka nisbatan ham chora ko‘rilmoqda.
Shuningdek, Andijon viloyatida o'rnatilgan 34 ta kuzatuv kamerasi orqali o‘tgan yili jami 3582 qoidabuzarlik aniqlangan. Shundan 299 huquqbuzarlik holati bo‘yicha maʼmuriy javobgarlik qo‘llanilib, jarima undirilgan. Qolgan 3283 qoidabuzarlikka chora ko’rish ijro jarayonida.
Farg'ona viloyatida o'rnatilgan 18 ta kuzatuv kamerasi orqali esa 2024-yilda jami 1508 qoidabuzarlik holati qayd etilgan. Shundan 258 ta huquqbuzarlik bo‘yicha maʼmuriy javobgarlik qo‘llanilib, jarima undirilgan. Qolgan 1250 qoidabuzarlikka chora belgilanmoqda.
Maʼlumot uchun, bu kabi jami 250 ta onlayn kamera respublikaning deyarli barcha hududlarida o‘rnatilgan bo‘lib, nafaqat chiqindi tashlash, balki boshqa turdagi ekologik huquqbuzarliklarni ham aniqlash va chora ko‘rish imkonini beradi.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin O'zbekistonda 29 qattiq maishiy chiqindi poligoni rekultivatsiya qilingani haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12218 | Инструменты