Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yil uchun davlat byudjeti loyihasini eʼlon qildi. Hujjatda barcha soha va tarmoqlar qatorida nafaqalar uchun ajratilayotgan mablag‘lar miqdori ham ko‘rsatilgan.
Manbaga ko‘ra, 2025-yilda Ijtimoiy himoya milliy agentligig respublika budjetidan 21,1 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirish prognoz qilingan.
Agentlik mablag‘larni quyidagicha taqsimlaydi:
- kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordamlarga — 7,3 trillion so‘m;
- mehnatga layoqatsiz va zarur ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolar nafaqalariga — 5,6 trillion so‘m;
- nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan onalar nafaqalariga — 2 trillion so‘m;
- bola tug‘ilishi uchun beriladigan nafaqalar (suyunchi puli)ni to‘lash uchun — 275 milliard so‘m;
- dafn marosimi xarajatlarini qoplash uchun — 271,3 milliard so‘m;
- yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy–joy bilan taʼminlash uchun —140 milliard so‘m;
- muhtoj shaxslarni protez–ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlash xarajatlariga — 70 milliard so‘m;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muxtoj oilalarga bir marta beriladigan moddiy yordam to‘lash xarajatlariga — 22,6 milliard so‘m.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan byudjet tashkilotlari xodimlariga homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarga 1 trillion so‘m to‘lanishi belgilanmoqda. Shu bilan birga, xususiy sektorda ishlovchi ayollarning homiladorlik nafaqa pulini byudjet mablag‘lari hisobidan to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarga 40 milliard so‘m ajratiladi.
Umuman olganda, kelasi yilda byudjetdan nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlari uchun jami 17,3 trillion so‘m ajratish rejalashtirilgan.
Loyihada 2025-yilda mamlakatda ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini, shuningdek ayrim xizmat turlari bo‘yicha tariflarni oshirish bilan bog‘liq xarajatlarga 6,6 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘rsatilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 103021 | Инструменты