24-dekabrdan Toshkentda evakuatsiya va jarima maydonchalari yangi tartibda ishlaydi

Shu yil 24-dekabrdan Vazirlar Mahkamasining 508-son qarori kuchga kiradi. Amaldagi evakuatsiya tizimi takomillashtirilmoqda: avtomobilni evakuatorga yuklashdan tortib uni egasiga qaytarib berishgacha bo‘lgan butun jarayon yagona elektron tizimga o‘tkaziladi. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Yuklash boshlanguncha qaytib kelishga ulgurib, qoidabuzarlikni bartaraf etilsa, avtomobil olib ketilmaydi. Yuklash boshlangan bo‘lsa, evakuatsiyani to‘xtatib bo‘lmaydi. Saqlab turish uchun to‘lov avtomobil evakuatorga yuklangan daqiqadan boshlab har bir sutka uchun hisoblanadi.

Avtomobil faqat elektron tizim orqali berilgan QR-kodli ruxsatnoma asosida qaytarib beriladi. Avtomobil 6 oy ichida olib ketilmasa, qarzdorlik majburiy tartibda undiriladi, 12 oydan so‘ng esa sud uni egasiz deb topishi mumkin.

Qoidabuzarlik qanchaga tushadi? Toshkent shahri uchun belgilangan eng yuqori tariflar:

- evakuatsiya — har bir kilometr uchun 88 000 so‘mgacha, biroq jami 1 760 000 so‘mdan oshmaydi;
- jarima maydonchasida saqlab turish — har bir sutka uchun 88 000 so‘mgacha.
- 3 km evakuatsiya va 3 sutka saqlab turishning o‘zi 528 000 so‘mga tushadi. Bunga qoidabuzarlik uchun solinadigan jarima ham qo‘shiladi.

Bu nima uchun muhim

Har birimiz goh haydovchi, goh piyoda bo‘lamiz. Bugun rulda bo‘lsangiz, ertaga avtobusga shoshilasiz yoki keksa ota-onangizga yo‘ldan o‘tishga yordam berasiz. Avtomobil sotib olish — shaxsiy tanlov. Trotuar, maysazor va bekat esa — umumiy. Bitta avtomobil 8–12 kvadrat metr joyni egallaydi — bu ofisdagi bitta ish joyidan ham ko‘p. Avtomobil trotuarga qo‘yilganda, shu metrlar piyodalardan tortib olinadi.

"Yaqin atrofda joy bo‘lmasa, biroz nariroqdan ruxsat etilgan joy toping va bir-ikki daqiqa piyoda yuring yoki jamoat transportini tanlang. Avtomobil — sizniki, shahar esa — hammamizniki. Avtomobilingizni faqat ruxsat etilgan joyda qoldiring va atrofingizdagilarni hurmat qiling. Ortiqcha harajatga tushmaslikning eng yaxshi yo‘li — qoidani buzmaslik",-deyiladi xabarda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111312 | Инструменты