Huawei 1
6 oyda qariyb 800 kishi YTH qurboni bo'lgan. O‘zbekiston yo'llarida sodir etilgan avariyalar statistikasi e'lon qilindi

Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi 2022 yilning 6 oyi davomida respublika yo‘llarida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari haqida statistik ma'lumotni e'lon qildi.

Unga ko‘ra, yilning o‘tgan 6 oy mobaynida jami 3 559 ta YTH ro‘y bergan. Ularda 784 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 2775 kishi turli darajada tan jarohati olgan.

Hududlar kesimida qaraladigan bo‘lsa, eng ko‘p yo‘l-transport hodisalari Farg‘ona viloyatida ro‘y bergan – 621 ta.

Toshkent viloyatida 479 ta, Toshkent shahrida 413 ta YTH ro‘yxatga olingan. Namangan viloyatida 400 ta YTH yuz bergan bo‘lsa, Samarqand viloyatida bu raqam 372 tani, Andijonda esa 299 tani tashkil etmoqda. 

Shuningdek, Qoraqalpog'istonda 193 ta, Qashqadaryoda 161 ta, Buxoroda 139 ta, Surxondaryoda 131 ta, Navoiyda 106 ta, Xorazmda 89 ta, Jizzaxda 86 va Sirdaryoda 70 ta  YTH ro‘yxatga olingan.

Yo‘l-transport hodisalari haydovchilar yoshi kesimida tahlil qilinsa, eng ko‘pi, ya'ni 974 tasini 25 yoshgacha bo'lgan haydovchilar sodir etgani ko‘rinadi. 30 yoshgacha bo'lgan haydovchilar 960 ta, 35 yoshgacha bo'lgan haydovchilar 857 ta YTH sodir etgan bo'lsa, 40 yoshdagi haydovchilar 624 ta avariyalar sodir etgan. Bundan ko'rinib turibdiki yosh haydovchilar eng ko'p YTH sodir etgan. 

YTHlarning aksari, ya'ni 1216 tasi davlat ahamiyatiga molik yo‘llarda yuz bergan. Shahar yo‘llarida 856 ta, mahalliy yo‘llarda 852 ta va xalqaro yo‘llarda 635 ta ro‘y bergan.

Ma'lum qilinishicha, avariyalarning katta qismi, ya'ni 2338 tasi sutkaning yorug‘ vaqtiga to‘g‘ri kelgan. Tungi vaqtlarda 1221 ta YTH ro‘y bergan. Hafta kunlarining chorshanba, payshanba va shanba kunlarida ko‘proq YTHlar ro‘yxatga olingan.

Shuningdek, YHXBB hodisalarning kelib chiqish sabablariga ham oydinlik kiritgan.

1618 ta YTH yo‘l harakatini noto‘g‘ri tashkil etish yoki yo‘llardagi nosozliklar tufayli ro‘y bergan. 393 ta holatda piyodalar o‘tish joyi tashkil etilmaganligi sababli piyodalarning belgilanmagan joydan yo‘lni kesib o‘tishi bilan bog‘liq. 289 ta YTH yo'lni ikkiga ajratuvchi to'siqlar o'rnatilmaganligi bois, 186 ta avariya esa yo'llarni yoritilmaganligi sababli sodir bo‘lgan.

Bundan tashqari inson omili bilan bog'liq jami 1 941 ta YTH sodir bo'lgan. 818 ta YTH tezlikni me'yordan oshirib yuborish sababli sodir bo‘lgan. 254 ta avariya esa haydovchining tajribasizligi oqibatida kelib chiqqan.

Shuningdek, yo‘l-transport hodisalarining aksariyati, ya'ni 3 433 tasini erkak haydovchilar sodir etgan. 126 tasi ayol haydovchilar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121522 | Инструменты