9 oyda 8,8 trln so'mdan ziyod majburiy to'lovlarni undirish bo'yicha 1 milliondan ortiq sud buyrug'i chiqarildi - Oliy sud

2026-yilning 9 oyida fuqarolik ishlari bo'yicha sudlar tomonidan 8,8 trln. so'mdan ziyod majburiy to'lovlar (voyaga yetmagan bolalar uchun aliment, ish haqi va unga tenglashtirilgan to'lovlar, yozma bitimga asoslangan va qarzdor tomonidan tan olingan talablar, kommunal xizmatlar bo'yicha qarzdorlik to'lovlari va boshqalar)ni undirish haqida 1 043 910 ta sud buyrug'i chiqarildi. Bu haqda Oliy Sud axborot taqdim etdi.

Shuningdek, 509 880 ta fuqarolik ishi ko'rib chiqilib, ularning 398 625 tasi bo'yicha talablar qanoatlantirilgan bo'lsa, 60 311 tasi rad qilingan, 45 687 tasi bo'yicha da'volar ko'rmasdan qoldirilgan, 5 257 tasi bo'yicha ishni yuritish tugatilgan.

Hisobot davrida eng ko'p fuqarolik nizolari Toshkent shahar, Toshkent, Farg'ona, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida ko'rildi.

Ko'rib tamomlangan fuqarolik ishlardan 183 mingdan oshig'i oldi-sotdi, kredit, qarz va boshqalar, salkam 52 mingtasi nikohdan ajratish, 21,5 mingtasi uy-joy munosabatlari, salkam 11 mingtasi o'zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy yoki qurilmani buzish bilan bog'liq ishlarni tashkil qiladi.

Nikohdan ajratishga oid ko'rilgan ishlar tahliliga ko'ra, ko'rib tamomlangan ishlarning 27 235 tasi bo'yicha da'vo talablari qanoatlantirilgan (nikohlar bekor qilingan), 18 110 tasi bo'yicha da'vo talablarini qanoatlantirish rad etilgan (nikohlar bekor qilinmagan), 4 554 tasi ko'rmasdan qoldirilgan hamda 1 732 ta da'vo bo'yicha ishni yuritish tugatilgan. 

2 569 ta ishga tiklashga doir ko'rib tamomlangan ishlarning 1 063 tasi bo'yicha da'vo talablari qanoatlantirilgan, 1 051 tasi bo'yicha da'vo talablarini qanoatlantirish rad etilgan, 402 tasi ko'rmasdan qoldirilgan hamda 53 ta da'vo bo'yicha ishni yuritish tugatilgan. 6 440 ta xususiy ajrim chiqarilib, tegishliligi bo'yicha yuborilgan.

Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning fuqarolik ishlari bo'yicha sudlov hay'atlari tomonidan apellyatsiya tartibida 10 593 ta ish ko'rib chiqildi. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 1 887 ta qaror bekor qilinib, 643 ta sud qarori o'zgartirildi. 

Kassatsiya tartibida 7 140 ta ish ko'rib chiqildi. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 1 424 ta qaror bekor qilinib, 587 ta sud qarori o'zgartirildi. 

Taftish tartibida 4 713 ta ish ko'rib chiqildi. Quyi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 461 ta qaror bekor qilinib, 102 ta sud qarori o'zgartirildi. 

Oliy sudning Fuqarolik ishlari bo'yicha sudlov hay'ati tomonidan taftish tartibida 417 ta ish ko'rib chiqildi. Natijada quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 193 ta qaror bekor qilinib, 52 ta sud qarori o'zgartirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110516 | Инструменты