​Toshkent xalqaro aeroportida biznes uchun yangi tijorat maydonlari auksionga qoʻyildi

“Uzbekistan Airports” kompaniyasi Toshkent xalqaro aeroportidagi yangi tijorat maydonlarini E-auksion.uz elektron savdo maydonchasiga chiqardi. Lotlarda xalqaro uchib ketish terminalida qahva burchagi, qahvaxona va aviakassa ochish koʻzda tutilgan.

Birinchi lot — terminalning uchinchi qavati, roʻyxatdan oʻtish hududida qahva burchagi (kofe-korner) tashkil etish uchun moʻljallangan 10 kv. m maydon. Savdolarda umumiy ovqatlanish sohasida kamida bir yillik tasdiqlangan tajribaga hamda faoliyat yuritayotgan taniqli brend ostidagi umumiy ovqatlanish shoxobchalari tarmogʻiga ega kompaniyalar ishtirok etishi mumkin. Ijaraning yillik boshlangʻich narxi 180 mln soʻmni tashkil etadi.

Xuddi shu hududda qahvaxona ochish uchun 49,5 kv. m maydon ham taklif etilmoqda. Boʻlajak ijarachi umumiy ovqatlanish sohasida kamida uch yillik amaliy tajribaga hamda faoliyat yuritayotgan taniqli brend ostidagi muassasalar tarmogʻiga ega boʻlishi kerak. Ijaraning yillik boshlangʻich narxi — 594 mln soʻm.Uchinchi lot terminalning ikkinchi qavati, roʻyxatdan oʻtish hududidagi 15 kv. m maydonda aviakassa joylashtirishni nazarda tutadi. Ushbu joy kassani jihozlash va kelgusida aviachiptalar sotuvi boʻyicha xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan. Ijaraning yillik boshlangʻich narxi 324 mln soʻmni tashkil qiladi. 

Maydonlar bir yil muddatga ijaraga beriladi. Arizalarni qabul qilish 2026-yil 16-noyabr kuni soat 09:00 da yakunlanadi, savdolar esa shu kuni soat 10:00 da boshlanishi rejalashtirilgan. Ijarachilarga qoʻyiladigan barcha talablar va ishtirok etish qoidalari E.auksion.uz saytidagi tegishli lotlar sahifasida batafsil keltirilgan. Auksion narxni oshirib borish tamoyili asosida oʻtkaziladi, birinchi qadam boshlangʻich qiymatning 10 foizini tashkil etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110511 | Инструменты