Sanepidqo‘mita Koksaki virusi bilan bog‘liq tarqalayotgan xabarlardan ortiqcha xavotirlanishga asos yo‘qligini bildirdi

O‘zbekistonda Koksaki virusi alohida kasallik sifatida statistik hisobga olinmaydi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Mutaxassisning tushuntirishicha, Koksaki enteroviruslarning bir turi bo‘lgani sababli u bilan kasallanish holatlari enterovirus infeksiyalari umumiy hisobida qayd etilishi mumkin. Otabekov kuz-qish mavsumida ayrim yuqumli kasalliklar, jumladan, Koksaki virusi bilan kasallanish ehtimoli ortishini ta’kidladi.

Unga ko‘ra, Koksaki virusining 70 ga yaqin turi mavjud bo‘lib, asosan A va B turlari uchraydi. Kasallik o‘tkir ichak infeksiyalariga o‘xshash kechishi, ayrim hollarda nafas yo‘llari va ichak bilan bog‘liq belgilar birgalikda kuzatilishi mumkin.

Virusning A turi bilan kasallanganda yuz, lab, burun va barmoqlarda pufakchalar paydo bo‘lishi ehtimoli bor. B turi esa ichak bilan bog‘liq belgilarni, ayrim hollarda ichki a’zolardagi o‘zgarishlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Mutaxassis kasallanganlarning aksariyati infeksiyani yengil o‘tkazishini, ba’zi bemorlar esa kasallikka chalinganini sezmasligi ham mumkinligini bildirdi. Shu bilan birga, ayrim holatlarda Koksaki virusi zotiljam va meningit kabi jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi ehtimoli mavjud.

Otabekovning aytishicha, kasallikdan shubha qilinganda bemorlarga simptomatik davolash choralari qo‘llanadi. U to‘rt kundan ortiq davom etadigan isitma ham ushbu infeksiyadan shubhalanishga asos bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.

Sanepidqo‘mita vakili Koksaki virusi bilan bog‘liq tarqalayotgan xabarlardan ortiqcha xavotirlanishga asos yo‘qligini ta’kidladi. Uning bildirishicha, kasallik O‘zbekiston hududi uchun unchalik xos emas. Virus bilan bog‘liq holatlar ko‘proq Yevropa, Lotin Amerikasi va boshqa G‘arb mamlakatlarida qayd etiladi.

Mutaxassis kasallikning oldini olish uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish, qo‘llarni yaxshilab yuvish va kasallik belgilari paydo bo‘lganda boshqalar bilan muloqotni cheklashni tavsiya qildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110510 | Инструменты