Uy-joy va ipoteka bozorini rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Xolmurodov Sunnatilla ishtirokida oʻtkazilgan brifingda aholini ipoteka kreditlari orqali uy-joy bilan ta’minlash borasida bank tizimida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar haqida ma’lumot berildi.

Ma’lum qilinishicha, 2026 yil yanvar–oktyabr oylarida tijorat banklari tomonidan 76 ming nafar fuqaroga jami 23,5 trillion soʻmlik ipoteka kreditlari ajratilgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 39 foizga koʻpdir. (https://telegra.ph/Ipoteka-kreditlari-hajmi-%C3%B6tgan-yilga-nisbatan-39-foizga-o%C5%9Fdi-11-04)

Shuningdek, hisobot davrida 73 ming xonadonga moʻljallangan 1 209 ta koʻp kvartirali uy qurilishi uchun pudrat tashkilotlariga 4,5 trillion soʻm kredit yoʻnaltirilgan. Ajratilgan ipoteka kreditlarining 74 foizi birlamchi, 26 foizi esa ikkilamchi uy-joy bozoriga toʻgʻri kelgan. Yoshlarning ipoteka kreditlaridagi ulushi 30 foizni yoki 7,2 trillion soʻmni tashkil etgan.

Brifingda aholi uchun uy-joy xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan «maqsadli ipoteka omonati» mexanizmi natijalari ham qayd etildi. Ushbu mexanizm doirasida 415 nafar fuqaroning jami 31,1 milliard soʻm mablagʻi jamgʻarilgan. Shundan 12,4 milliard soʻmi dastlabki badal uchun ajratiladigan byudjet subsidiyalari hisobiga shakllangan.

Kelgusida ipoteka bozorini yanada rivojlantirish maqsadida eskrou hisobvaraqlari orqali uy-joy xaridorlari mablagʻlari xavfsizligini ta’minlash, yosh oilalar ipoteka kreditlari foiz xarajatlarining bir qismini dastlabki besh yil davomida byudjetdan qoplash, shuningdek, ipoteka ajratish jarayonlarida mobil ilovalar va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish rejalashtirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110511 | Инструменты