Huawei 1
“A” yo‘lak uchun jarima: taksichilar qay tartibda ishlaydi?

“A” yo‘lak, yaʼni jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Amaldagi tartibga ko‘ra, ushbu yo‘laklardan faqatgina jamoat transporti vositalari yurishi, boshqa transport vositalari esa jamoat transportiga halal bermasdan faqatgina yondosh hududga kirish yoki chiqish uchun bu yo‘lakning belgilangan qismidan kirishi mumkin. Shuningdek, istisno tariqasida tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalariga ham jamoat transporti yo‘laklaridan yurishiga ruxsat etiladi.  

Endilikda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan  o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish qoidalarini birinchi marta buzganda, bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida jarima, jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida jarima, shuningdek, yondosh hududdan chiqib, alohida ajratilgan yo‘lakni bo‘shatgan holda yo‘lning qatnov qismidan harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l bermaslik holatlariga BHMning 1 baravari miqdorida jarima belgilash nazarda tutilmoqda.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan ushbu qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrim deputatlar jamoatchilikning fikr va eʼtirozlaridan kelib chiqib, savol va takliflarni o‘rtaga tashladi.  

Xususan, taksi haydovchilari yo‘lovchi olish va tushirish jarayonida bevosita ajratilgan yo‘laklarga kirib to‘xtashi va bu holatda ham ular huquqbuzarlik subyekti bo‘lib qolishi, bu masala qanday hal etilishi yuzasidan savolga vazirlik mutasaddisi Erali Bozorov yo‘l infratuzilmasi bo‘yicha maxsus komissiya tuzilgan bo‘lib, aynan shu holatlar bo‘yicha avtoturargohlar, to‘xtash joylarini tashkil etish choralari ko‘rilayotganini qayd etdi.    

Shuningdek, Qonunchilik palatasi Spikeri loyihadagi normalar bo‘yicha quyidagilarni taʼkidladi:  

— Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan normalar bor. Ammo so‘nggi paytlarda Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan kiritilayotgan qonunchilik tashabbuslarining deyarli barchasida taqiqlovchi, chegaralovchi, jazoni kuchaytiruvchi tashabbuslar bo‘layapti, liberallashtiruvchi tashabbuslarni kam ko‘rayapmiz. Transport vositasi haydovchisining har bir harakati uchun javobgarlik o‘rnatish qanday bo‘ladi!? Bu holatlarda ikkita modda bo‘yicha javobgar bo‘lib qolish mumkin. Shuning uchun normani to‘g‘ri qo‘llash kerak. Umuman, xalqaro tajribada bu borada yaxshi tajribalar bor,— dedi Spiker.  

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar qonun loyihasi jamoat transportini rivojlantirish, jamoat transportida yo‘lovchilarga sifatli va qulay xizmat ko‘rsatilishini tashkil etish, jamoat transporti harakati ustuvorligini hamda yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidladi.  

Majlisda qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121223 | Инструменты