Advokat so'roviga o'z vaqtida javob bermaslik javobgarlikka sabab bo'ladi

“Yuridik yordam va huquqiy xizmatlar ko'rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi Qonun imzolandi.

Huquqiy axborot kanali xabariga ko'ra, Qonun bilan bir qator qonun hujjatlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi.

Endilikda:

- advokat so'roviga o'z vaqtida javob taqdim etmaslik yoki yolg'on, noto'g'ri axborot taqdim etish ma'muriy javobgarlikka sabab bo'ladi (ilgari faqat ma'lumot taqdim etmaganlik uchun javobgarlik bor edi);

- davlat tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatida, sudya, tergovchi yoki prokuror lavozimida kamida uch yil yuridik mutaxassislik bo'yicha ish stajiga ega bo'lgan shaxs advokatlik tuzilmasida stajirovkadan o'tmasdan malaka imtihonida ishtirok etishga haqli;

- advokatlik byurolarini ta'sis etgan advokatlar o'z faoliyatini o'zlariga tegishli bo'lgan turar joylarda amalga oshirishi mumkin (noturar joyga o'zgartirish talab etilmaydi).

2019 yil 1 yanvardan:

- fuqarolar o'rtasida tuzilgan bino (uy-joy, kvartira) yoki uning bir qismini ijaraga berish shartnomasini notarial tasdiqlash shartligi haqidagi talab o'z kuchini yo'qotadi;

- notarial tartibda tasdiqlanadigan bitim loyihasini mustaqil tayyorlagan shaxslar huquqiy hamda texnik tusdagi xizmatlar uchun haq to'lashdan ozod etiladi;

- notarial harakatni amalga oshirish chog'ida notariuslar tomonidan audio va videoyozuv vositalaridan foydalanilishi mumkin;

- bitimlar, arizalar va boshqa hujjatlar taraflar tomonidan barmoq izlarini olish yo'li bilan tasdiqlanishi mumkin;

- fuqaro qandaydir sabablarga ko'ra (jismoniy nuqsoni, kasalligi tufayli va h.k.) bitim, ariza yoki boshqa hujjatni o'z qo'li bilan imzolay olmagan hollarda notarius videoyozuv vositalaridan foydalanadi;

- notarial idoralarga elektron murojaat qilishi mumkin, bunda murojaat elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan bo'lishi lozim;

- uy-joy, bino, inshoot yoki imoratni boshqa shaxsga o'tkazish va garovga qo'yish to'g'risidagi bitimlarni istalgan notarial idorada amalga oshirilishi mumkin (ilgari faqat shu mol-mulk joylashgan hududdagi notarius tomonidan tasdiqlanar edi).

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61406 | Инструменты