Aholi alohida chiqindi yig‘ish uchun maxsus paketlar bilan taʼminlanadi

Prezident tomonidan "Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risida" qaror imzolandi.

Qanday rag‘batlantirish choralari nazarda tutilgan?

Yo‘l harakati qoidalari buzilganligini foto va video qayd etish vositalarini o‘rnatgan tadbirkorlarga ekologik huquqbuzarliklarni qayd etishga ruxsat beriladi. Bunda ularga jarima shaklida undirilgan mablag‘larning 20 foizi to‘lanadi.

Aholi chiqindixonalarga aylangan hududlarda o‘z mablag‘lari hisobidan foto va video qayd etish  vositalarini o‘rnatish uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga arizalar yuborishi mumkin bo‘ladi. Ariza yo‘llagan shaxslar shuningdek jarima miqdorining 20% miqdorida mukofot bilan rag‘batlantiriladi.

Ekologik patrullarga jalb qilingan Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligining xodimlari jarima miqdorining 10% miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlari bilan shug‘ullanuvchi ishchilari hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi ishchilari xizmatlari uchun quyidagi rag‘batlantirish choralari belgilanadi:

- ishchilar, ekofaollar va jamoatchilik ekologiya nazoratchilariga har oy 100 ta velosiped va boshqa mukofotlarni berish;

- har yili kamida 10 yillik ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar o‘rtasida "Tabiat uyg‘unligi himoyachisi" tanlovini o‘tkazish, shuningdek ushbu toifadagi xodimlarning 100 nafari uchun OTMlarga to‘lov-kontrakt  asosida o‘qishga kirgan farzandlari va nevaralariga kontraktining to‘liq summasi to‘lab beriladi. Bunda ushbu talabalarga kelgusida davlat idoralari va tashkilotlarida kamida 3 yil ishlab berish majburiyati yuklatiladi.

Shuningdek, har yili "Eng toza mahalla" tanlovini o‘tkazish va tanlov natijalari bo‘yicha g‘olib bo‘lgan 14 ta mahallaga:

- mahallaning tegishli jamg‘armasiga chiqindi yig‘ish maydonchalarini qurish, chiqindi konteynerlarini o‘rnatish va daraxtlarni ekish uchun 500 mln so‘mdan o‘tkazib berish;

- xizmatda foydalanish uchun bittadan elektromobil xarid qilish va topshirish rejalashtirilgan.

Qanday javobgarlik choralari joriy etiladi?

- 3 oy ichida quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ huquqiy hujjat (NHH) loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan:

- chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorini oshirish;

- huquqbuzarlikni sodir etish quroli bo‘lgan ashyo yoki huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara qilish shaklida jazo joriy etish;

- chiqindilar tashlab ketilgan joyni tozalash va chiqindilarni olib chiqib ketish majburiyatini belgilash;

- quyidagilar uchun ma’muriy javobgarlikni joriy etish:

- chiqindilarni to‘plash maydonchalari va ularning qo‘riqlanmaydigan inshootlaridan chiqindilarni noqonuniy ravishda to‘plash va olib chiqib ketish;  

- kimyoviy, biologik va bakteriologik vositalardan foydalangan holda atrof-muhitga zarar yetkazish, shuningdek binolar, inshootlar yoki boshqa ob’yektlarni qurish, qayta qilish, rekonstruksiya qilish va o‘z hududida qo‘shimcha bino va inshootlarni qurish hamda kapital ta’mirlash vaqtida atrof-muhitga zarar yektkazish, shu jumladan ekinlarga, o‘rmonlarga, daraxtlarga yoki boshqa o‘simliklarga qasddan shikast yetkazish, payhon va nobud qilganlik;

- hududlarni tozalashga mas’ul bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar  o‘z vazifalarini bajarmaganligi natijasida atrof-muhitning ifloslanishi uchun javobgarlik kiritish hamda ushbu hududlarni tozalash va chiqindilarni olib ketish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplab berish mexanizmini joriy etish.

Qarzdorlikni kamaytirish uchun qanday choralar ko‘riladi?

2024  yil 1 apreldan boshlab ko‘chmas mulk hamda avtotransport vositalari bilan bog‘liq bitimlarni notarial tasdiqlashda qarzdorlik mavjudligi Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy to‘lovlarni to‘lash va hisobini yuritishning yagona elektron tizimi orqali onlayn rejimda tekshirilib, qarzdorlik bartaraf etilganidan keyin notarial harakat amalga oshiriladi.

Chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlarni qabul qilish hamda abonentlar hisobini yuritish faqatgina Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish Respublika markazi billing tizimi, elektron to‘lov tizimlari yoki tijorat banklarining  to‘lov qabul qilish kassalari orqali amalga oshiriladi.

Chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdorlikni bartaraf etmaganiga qadar abonentlarning elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash joriy qilinmoqda (elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanmagan hududlar bundan mustasno). Cheklov:

2024 yil 1 iyundan Toshkent va Nukus shaharlarida, shuningdek viloyat markazlarida chiqindi xizmatlari bo‘yicha 6 oylik qarzdorlik bo‘yicha;

2024 yil 1 noyabrdan boshlab respublikaning barcha hududlarida chiqindi xizmatlari bo‘yicha 3 oylik qarzdorlik bo‘yicha;

2025 yil 1 yanvardan boshlab respublikaning barcha hududlarida chiqindi xizmatlari bo‘yicha bir oylik qarzdorlik uchun joriy qilinmoqda.

Saralash  haqida nima deyish mumkin?

2024-2026 yillarda Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlari hamda Toshkent tumanidagi ko‘p qavatli uylar joylashgan hududlarda chiqindilarni chiqindi yig‘ish maydonchalarida "qayta ishlanadigan", "qayta ishlanmaydigan" va "oziq-ovqat" toifalariga ajratgan holda yig‘ish tashkil etiladi.

2024 yil 1 iyulga qadar mazkur hududlarga xizmat ko‘rsatuvchi sanitar tozalash korxonalari tomonidan chiqindilarni toifalarga ajratgan holda to‘plashi uchun quyidagi turdagi maxsus chiqindi paketlari (QR-kod bilan) bilan fuqarolar bepul taьminlanadi:

- qayta ishlanadigan qattiq maishiy chiqindilar uchun – shaffof, rangsiz;

- qayta ishlanmaydigan qattiq, maishiy chiqindilar uchun – qora rang;

- oziq-ovqat chiqindilari uchun – jigarrang.

Ba’zi chiqindilarni olib chiqish uchun lisenziya talab qilinadi

2025 yil 1 yanvardan boshlab qattiq maishiy, qurilish, suyuq maishiy, tibbiyot, sanoat, xavfli va zaharli chiqindilarni tashish lisenziyalanadigan faoliyat hisoblanadi. Bunda maxsus texnikalari GPS va maxsus kameralarga ega bo‘lishi hamda maxsus texnikalarning GPS harakatini maxsus kameralar orqali onlayn kuzatib turish lisenziya talablaridan biri etib belgilandi.

Davlat- xususiy sherikchilik

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyat  hokimliklariga davlat sherigi sifatida obodonlashtirish boshqarmasining funksiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlik subyektlariga o‘tkazish huquqi berildi.

Bunda, 2024-2025 yillarda har bir viloyatda tajriba tariqasida kamida bittadan tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalarining funksiyalari davlat-xususiy sheriklik acosida tadbirkorlik subyektlariga o‘tkaziladi.

Aholiga qulay sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaratish, turistik jozibadorlikni oshirish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish maqsadida 2024 yil 1 maydan boshlab tadbirkorlik sub’yektlariga jamoat joylari, ijtimoiy ob’yektlar va aholi punktlarining belgilangan joylarida sanitariya-gigiyena shoxobchalarini tashkil etish huquqi beriladi. 

Bunda:

- tuman (shahar) hokimligi tomonidan jamoat sanitariya-gigiyena shoxobchalari qurilishi mumkin bo‘lgan joylarning dislokatsiyasi hamda mazkur hududdagi infratuzilma ob’yektlari va aholi harakati gavjumligi darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar "E-auksion" tizimidagi alohida veb-sahifada e’lon qilib boradi;

- sanitariya-gigiyena shoxobchalari o‘rnatiladigan joylarni tadbirkorlik sub’yektlariga biriktirish elektron auksion savdolari orqali amalga oshiriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102102 | Инструменты