Huawei 1
Amerikalikmashhur sudya Frank Kaprio o‘zbekistonlik talabani so‘roq qildi

Amerikada tahsil olayotgan asli o‘zbekistonlik Muhammadobidbek Obidjonov mashinasini noto‘g‘ri "parkovka" qilgani uchun 35 dollar miqdorida jarimaga tortildi. Uni amerikalik mashhur sudya Frank Kaprio so‘roq qilishi aks etgan video tarqaldi.

Sud zalidagi suhbatda Frank Kaprio talaba yo‘l harakatiga to‘sqinlik qilishda ayblanayotganini bildirgan.

Muhammadobidbek esa ko‘chib kelishidan oldin unga mashinasini o‘sha yerga joylashtirishi mumkinligini aytganini va o‘zi ham o‘sha joyda to‘xtashga odatlangan boshqa mashinalarni ko‘rganini bildirgan. U boshqalardan farqli o‘laroq faqat o‘zi chipta olgan haydovchi bo‘lganini keltirgan.

Sudya unga 15 ta holatdan faqat bittasi uchun 35 dollar miqdorida jarima qo‘llashga qaror qilgan.

Shundan so‘ng sudya o‘z odatiga ko‘ra ayblanuvchi bilan samimiy suhbat qiladi va undan qayerlik ekanini, kelajakdagi rejalari qandayligini so‘raydi. Muhammadobidbek esa Amerikaga o‘tgan yili kelgani, Johnson and Wales universitetida o‘qiyotgani, o‘tmishda futbolchi bo‘lgani, shu tufayli o‘z agentligini ochish niyatida ekanini bildiradi.

Frank Kaprio undan Amerika va O‘zbekiston o‘rtasida qanday farq ko‘rishi haqida so‘raydi.

"Men mamlakatimda hech qachon yashamaganman, chunki Rossiyada futbol bilan shug‘ullanishimdan oldin bakalavr darajasini Yevropada tamomlaganman. Ya’ni O‘zbekistonda tug‘ilganman, xolos. Hayotimning deyarli ko‘p qismi mamlakatdan tashqarida o‘tgan", — degan Muhammadobidbek.

U sudyaning ingliz tilini qayerda o‘rgangani haqidagi savoliga javoban Rossiyadagi maktabda o‘rganganini aytgan.

Ma’lumot uchun, ayni vaqtda 86 yoshda bo‘lgan huquqshunos Frank Kaprio AQShning Rod-Aylend shtati Providense shahridagi bosh munitsipal sudyasi bo‘lib, dunyodagi eng adolatli sudyalardan biri sifatida nom qozongan. Uning raisligidagi sud majlislari 20 yildan ortiq vaqt davomida televideniyedagi "Providenseda qo‘lga tushganlar" (Caught in Providence) dasturi orqali namoyish etiladi.

U asosan mayda jinoyatlar va yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlarini ko‘rib chiqib, sudlanuvchi bilan dildan suhbat quradi. 2017-yilda uning sud zalidagi videosi internetda virus kabi tarqalib, 15 million martadan ortiq ko‘riladi. 2021-yilda YouTube’dagi Caught in Providence kanalining ko‘rilishlar soni 400 millionga yetadi. Yaqinda uning o‘zi u o‘tkazgan sud majlislarida olingan videolari ko‘rilishlari soni jami ikki milliarddan oshganini aytgandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122808 | Инструменты