Ulug‘bek Odashevich Rahimov Andijon viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tayinlovga qadar Ulug‘bek Rahimov viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha kotibiyati mudiri vazifasida faoliyat olib borgan.
Ma’lumot uchun, Ulug‘bek Rahimov 1971 yilda Paxtaobod tumanida tug‘ilgan. Namangan sanoat-texnologiya instituti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida tahsil olgan. Xizmat faoliyatini 1994 yilda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining Paxtaobod tumani qo‘mitasida boshlagan. 2000 yildan to shu kunga qadar qishloq xo‘jaligi sohasining turli yo‘nalishlarida xizmat qilib kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Ilhom Qahramonovich Sobirov Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari – viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi. U tayinlovga qadar “O‘zcharmsanoat” uyushmasi standartlar va innovatsiyalarni joriy qilish hamda grantlarni jalb qilish bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12504 | Инструменты