Huawei 1
Andijonda maktabdagi og‘ir mehnatga jalb qilingan o‘qituvchilardan birining qo‘li singani aytilmoqda

Andijon viloyatining Asaka tumanidagi 37-umumtaʼlim maktabida o‘qituvchilar og‘ir qurilish ishlariga jalb qilindi. Ayol o‘qituvchilar maktab hududida arava sudrab, og‘ir yumushlarni bajargan. Bu haqda Kun.uz xabar berdi.

Nashr manbasiga ko‘ra, o‘qituvchilar asosan qurilish chiqindilarini tashish bilan shug‘ullangan. Ular ishga maktab direktorining topshirig‘i bilan chiqqan. Ish jarayonida maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi yiqilib, qo‘li singan.

Asaka tumani hokimligi matbuot xizmatiga ko‘ra, ushbu maktab "Tashabbusli byudjet"da g‘olib bo‘lgan.

"Asaka tumani “Qo‘ng‘irot” MFYda joylashgan 37-umumtaʼlim maktabi pedagogik jamoa va ota-onalarning ahilligi, hamkorligi natijasida "Tashabbusli byudjet" loyihasida muvaffaqiyatli ishtirok etib, maktabni taʼmirlashga oid mablag‘larni jalb etishga erishgan. Xalqimiz iborasi bilan aytganda, "Tashabbusli byudjet"da g‘olib bo‘lish qanchalar mashaqqatli ekanini anglash uchun jurnalist yoki bloger bo‘lish shart emas, oddiy fuqaro bo‘lish va unda vatanparvarlik hissi bo‘lishining o‘zi kifoya», deyiladi hokimlikning izohida.

"Quruvchi tashkilot tomonidan maktabni taʼmirlash ishlarining olib borilish surʼatlari, yangi o‘quv yiliga sanoqli kunlar qolgani va eng muhimi, pedagogik jamoaning, ota-onalarning ana shunday bunyodkorlik ishlaridan mamnuniyati doxil o‘laroq, xususan, maktab deraza va eshik romlarining yangi zamonaviy romlar bilan almashtirilishi, maktab tom qismining to‘liq yangilanishi bilan moddiy-texnik sharoitlar yana-da yaxshilanmoqda".

"Ana shu ishlar manzarasida har bir pedagog ertaga o‘z ish joyining saranjom-sarishta bo‘lishini, estetik bezatilishini, albatta, xohlaydi. O‘z xohishlariga ko‘ra, maktab hayotiga, ikkinchi uyimizga, qadrdon maskanimizga o‘z hissamizni qo‘shaylik degan niyatda amalga oshirilayotgan faol ijtimoiy foydali mehnatni har qanday kishi faqat olqishlaydi", — deyiladi hokimlikning Kun.uz‘ga bergan izohida.

Hokimlikning qo‘shimcha qilishicha, ushbu ishlar davomida birorta pedagogning sog‘ligiga putur yetmagan va boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining qo‘li sinmagan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100721 | Инструменты