Avvalroq Andijon viloyati hokimligi qoramollarda uchrayotgan yangi kasallik turi haqida tarqalgan xabarlarga izoh bergani ma'lum qilingandi. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi toshma aniqlangani yuzasidan tekshiruv natijasini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, holat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi Ishchi guruhi va ichki ishlar idoralari mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘rganildi. Voqea joyi aniqlanib, holat nazoratga olindi. Ijtimoiy tarmoqlarda rasm va videolari tarqalgan qoramol Izboskan tumani “Anorzor” MFYda yashovchi Xayrulla Eshonjonovga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi.
Qoramol klinik ko‘rikdan o‘tkazilib, olingan qon va boshqa namunalar laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazilganda ushbu sigir nodulyar dermatit yoki noma’lum kasallik bilan emas, allergik toshmaga chalingani aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, sigirning terisiga bundan 24 kun muqaddam, ya’ni 15-iyun kuni allergik toshma toshgan. Bu haqda egasi mahalliy veterinariya mutaxassisiga murojaat qilgan. Mutaxassislar klinik ko‘rikdan o‘tkazib, davolash ishlari olib borgan. Qoramolning ishtahasi o‘rniga kelgan. Umumiy holati yaxshilangan va allergik toshmalar yo‘qolgan. 18-iyun kuni ushbu sigir sog‘lom buzoq tuqqan. Hozirda sigir va bolasining umumiy holati yaxshi.
Surishtiruv davomida unga ozuqa orqali allergik toshma toshganini egasi ham tasdiqladi. Xonadondagi qolgan 8 bosh qoramolda bunday holat kuzatilmagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122616 | Инструменты