Andijon viloyatidan Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 20 ga yaqin bola 3 ta Damas'da olib ketilayotgani aniqlandi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 15-dekabr kuni A-380 avtomobil yo‘lining Buxoro viloyati hududidan o‘tuvchi 325 kilometrida 3 ta Damas to‘xtatib tekshirilgan. Mashinalarda 3 nafar murabbiy va yigirmaga yaqin bolalar borligi aniqlangan.
YHXX axborot xizmatiga ko‘ra, bolalar 1,5 ming kilometr masofa orqali Nukus shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan kurash musobaqasiga ketayotgan bo‘lgan. Har bir mashinada 6−7 nafardan bola va bir murabbiy ketayotgani ma’lum qilindi.
“Bu kabi holatlar so‘ngi vaqtlar bir necha bor takrorlangani bois JXD YHXXda Transport, Sport hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari, shuningdek, quyi bo‘g‘in rahbarlari bilan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi”, — deyiladi xabarda.
Tadbirda so‘z olganlar bolalarning ko‘ngilsiz hodisalarga uchrashiga imkon yaratuvchi qonunbuzarliklar sodir etilishini tanqid qilgan. Bolalar ishtirokidagi ommaviy sayohatlar uchun belgilangan talablarga rioya qilish kerakligi eslatilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan bolalar guruhlari, umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari o‘quvchilari faqat maxsus jihozlangan xizmat avtomobillaridan foydalangan holda, ichki ishlar organlari kuzatuvida tashilishi belgilangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122022 | Инструменты