Keyingi yillarda “103” xizmati faoliyatini takomillashtirish, soha amaliyotiga eng so‘nggi ilmiy-texnik vositalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Bunda davlat rahbarining 2022 yil 16 iyundagi “Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda. Unga muvofiq, respublikamiz bo‘yicha tez tibbiy yordamning yagona vertikal boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Bunday yangilanishlar natijasida markazning 14 ta hududiy filiali, 167 ta stansiyasi, 63 ta podstansiyasi va 1 436 ta tayanch punkti tashkil etildi. Tez tibbiy yordam brigadalari soni 2 853 taga yetdi.
Elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etilishi natijasida chaqiruvni qabul qilish vaqti 6-8 daqiqadan 1-2 daqiqagacha,chaqiruvni tez tibbiy yordam brigadasiga uzatish vaqti Toshkent shahrida 10-20 daqiqadan 1-2 daqiqagacha, chaqiruvga yetib borish muddati poytaxtimizda 20-30 daqiqadan 10-15 daqiqagacha, hududlarda (olis, tog‘li va cho‘l zonalarni inobatga olgan holda) 10-40 daqiqagacha qisqardi.
Toshkent shahri tajribasi asosida markazning hududiy filiallarida yagona “Call-markaz”lar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Sohani raqamlashtirish jarayoni ham izchil davom ettirilmoqda. Joriy yilda axborot tizimida “Dorixona” moduli ishga tushirildi va hozir barcha hududlarda sinovdan o‘tkazilmoqda. Ushbu modul orqali barcha dori vositalarini qayd qilish, ularni tarqatish, hisobini yuritish va tez tibbiy yordam brigadalari tomonidan foydalanish jarayonlarini monitoring qilish imkoniyati bor.
“Avtoxo‘jalik” moduli esa tez tibbiy yordam avtoparkidagi 3 mingdan ziyod avtomobil hisobini yuritish, ularni yoqilg‘i bilan taʼminlash, ehtiyot qismlarni ajratish hamda avtomashinalar holatini kuzatib borishda katta samara bermoqda.
Oxirgi yillarda tizimda uzoq yillar foydalanib kelingan, eskirib qolgan va zarur tibbiy jihozlar bilan taʼminlanmagan avtotransport vositalari yangilanib, sohaga ming dona zamonaviy “Volkswagen Caddy” rusumli avtomobil yetkazib berildi va tizimdagi barcha avtotransport vositalari GPS-treker bilan taʼminlandi.
Albatta, bunday ijobiy o‘zgarishlar tufayli mazkur yo‘nalishda bemorlarga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilib, “103” xizmati xalqaro talablarga to‘liq javob beradigan muhim bo‘g‘inga aylanmoqda.
Tez tibbiy yordam xizmati faoliyatida xalqni rozi qilish, inson manfaatlari ustuvorligini taʼminlash bosh mezon hisoblanadi. Sohada olib borilayotgan transformatsiya jarayonlari ana shu maqsadga xizmat qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122100 | Инструменты