Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari — sohaning yuragi. Ayni paytda bu bo‘g‘inda 1264 ta oilaviy shifokorlik punkti, 1084 ta oilaviy poliklinika, 209 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va ana shu muassasalarning 1957 ta filiali faoliyat yuritmoqda.
2024-yilda bu yo‘nalishda kasalliklar oqibati bilan emas, ko‘proq sabablari bilan kurashiladigan yangicha mexanizmlarni joriy etishga kirishildi.
Davlat rahbari topshirig‘iga ko‘ra, aholining ehtiyojmand qatlamiga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatishni mahallabay, manzilli va maqsadli taʼminlash bo‘yicha “Surxondaryo tajribasi” yo‘lga qo‘yilyapti. Namunaviy hudud sifatida tanlangan Angor tumanida tibbiyot brigadalari faoliyati tubdan takomillashtirilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, agar birlamchi bo‘g‘inda tibbiy brigadalar samarali faoliyat ko‘rsatsa, ixtisoslashgan tibbiyot markazlari hamda statsionarlarga murojaatlar soni keskin kamayishiga erishiladi. Angorda bu amaliyot o‘z samarasini bermoqda. Buning natijasida qisqa muddatda tuman aholisi tomonidan tez tibbiy yordamga chaqiriqlar va surunkali kasalliklarga chaqiriqlar sezilarli kamaydi.
Sohada takomillashtirilgan tibbiy profilaktika va patronaj xizmatini joriy qilish tajribasi o‘zini to‘liq oqladi. Salomatlik va fiziologik holatidan kelib chiqib, aholi – tayanch, past xavf, o‘rta xavf, yuqori xavf guruhlariga bo‘lindi.
Ularni guruh mansubligidan kelib chiqqan holda belgilangan muddatlarda tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish va salomatligini davriy kuzatib borish mexanizmlari amaliyotga tatbiq qilindi.
Shu o‘rinda yana bir muammoli masala yechimi haqida to‘xtalsak. Xo‘sh, birlamchi tibbiyot muassasalari, ayniqsa, oilaviy poliklinikalarda bemorlarni eng ko‘p qiynaydigan masala nima?
Shifokor qabuliga uzundan uzoq navbat kutish, albatta. Bu holat, ayniqsa, yosh bolali ayollar, homiladorlar va og‘ir bemorlarga qiyinchilik tug‘dirishi bor gap. Bu muammoga oqilona yechim topish maqsadida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etishga kirishilgan.
Xususan, Prezidentning tegishli qarorlariga asosan birlamchi bo‘g‘inda “Elektron poliklinika” axborot tizimining bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilishi soha xodimlari va bemorlar uchun ayni muddao bo‘lmoqda.
Tizimni raqamlashtirishdagi bunday yangiliklar mamlakatimizda davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etilishida qo‘l kelmoqda. Bunda Prezident tomonidan shu yil 5 sentyabrda imzolangan tegishli qarorga ko‘ra:
2024 yil 1 oktyabrdan Toshkent shahri, Sirdaryo viloyati hamda 2025 yil 1 yanvardan Qoraqalpog‘iston Respublikasida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarining amaliyotga tatbiq etilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu hujjatga muvofiq, "Elektron poliklinika" va "Elektron shifoxona" axborot tizimlari joriy qilinmoqda. Tibbiyot xodimlari ulardan foydalanish yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitilib, muassasalar zarur texnika va tarmoq qurilmalari bilan jihozlanyapti.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122100 | Инструменты