Andijon shahridagi parhez taomlar oshxonasida oshpaz bo‘lib ishlovchi Z.M. o‘zining foydalanuvida bo‘lgan telefon apparati yordamida “Instagram”, “Telegram”, “WhatsApp” tarmoqlarida profillar ochib, ular orqali diniy-ekstremistik tashkilotlarning “hijrat” va “jihod” to‘g‘risidagi materiallarini tinglab, tomosha qilgan.
Shuningdek, u Suriya Arab Respublikasidagi “Tavhid va jihod katibasi” hamda “G‘uroba katibasi” terroristik tashkilotlari safida bo‘lgan andijonlik 3 nafar fuqaro bilan 2023-yilning may oyidan muloqotga kirishib, ularning ta’sirida Suriyaga ketishni maqsad qilgan. Lekin, oilaviy muammolar sababli rejasini amalga oshirolmagan.
Bundan tashqari, 2023-yilning avgust-dekabr oylari davomida ushbu fuqarolarning oila-a’zolari va tanishlari bergan jami 7150 AQSH dollari hamda 41 mln. 230 ming so‘m pul mablag‘ini mobil ilovalardan foydalangan holda, kriptovalyuta bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning hisob raqamlariga o‘tkazish orqali ularga yetkazib bergan. Ya’ni, ular ushbu pul mablag‘larini kriptovalyuta bilan shug‘ullanuvchi shaxslardan o‘zlari uchun zarur bo‘lgan xorijiy valyuta ko‘rinishida qabul qilib olishgan.
Shu bilan birgalikda, Z.M. ulardan birining shar’iy nikohdagi turmush o‘rtog‘i bo‘lgan, Toshkent shahrida yashovchi ayolni 2023-yilning 19-dekabr kuni “Do‘stlik” chegara o‘tkazish punkti orqali Qirg‘iz Respublikasiga o‘tkazib, kelgusida Turkiya orqali Suriya davlatiga yetib borishi uchun O‘sh shahridagi aeroportga kuzatib qo‘ygan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida Z.M.ning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi. U 10-yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Ta'kidlash lozimki, Suriyadagi 3 nafar andijonlikdan biri qurolli to‘qnashuvlarda ayanchli o‘lim topgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121917 | Инструменты