Shu yilning sentyabr oyida Farg‘ona viloyatida mahalliy hokimlik, vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari faoliyati ochiqligi holatini o‘rganish yuzasidan jamoatchilik fikri so‘rovi o‘tkazildi.
So‘rov natijalariga ko‘ra:
Respondentlarning 52 foizi davlat organlari faoliyatining ochiqligini o'rtacha baholagan (past – 21 foiz, yuqori – 16 foiz).
38 foizi mahalliy davlat organlarining rasmiy manbalarida o‘z faoliyatiga oid maʼlumotlarni joylashtirish sifati va tezkorligidan qoniqishini, 26 foizi qoniqmasligini taʼkidlagan.
16 foiz respondentlar mahalliy davlat organlarining rasmiy veb-sayt manzillaridan bexabar hamda ulardan foydalanmaydi.
17 foiz respondentlar mahalliy davlat organlarida tashkil etilgan Ishonch telefonlari yoki “Call-markaz”lari faoliyatini qoniqarli baholadi, 16,4 foiz esa aksincha.
Davlat idoralari tomonidan amalga oshirilayotgan moliyaviy sarf-xarajatlar haqida maʼlumotlarning ochiqlanishidan faqatgina 24 foiz so‘ralganlar xabardor, 44 foiz respondent bu turdagi maʼlumotlar ochiqlanishidan qoniqmaydi, 20 foizi uchun esa bu maʼlumotlar qiziq emas.
Respondentlar fikricha, mahalliy hokimliklar (13 foiz), taʼlim (15 foiz), sog‘liqni saqlash (10 foiz) va bank (6 foiz) tizimi faoliyati boshqa sohalarga qaraganda ochiq va shaffof.
Korrupsion xavf-xatar eng yuqori bo‘lgan sohalar sifatida sog‘liqni saqlash (30 foiz), taʼlim (17 foiz), mahalliy hokimlik (13 foiz) va qurilish (7 foiz) qayd etildi.
Respondentlarga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi jazo choralarini kuchaytirish (39 foizi), taʼlim va tarbiyaga eʼtibor qaratish (25.2 foizi), jamoatchilik nazoratini oshirish (14.3 foizi) lozim.
So‘rov natijalari asosida mahalliy davlat idoralari faoliyatining ochiqlik va oshkoraligini yanada kuchaytirishga qaratilgan choralar ko‘riladi.
Maʼlumot o‘rnida: Jamoatchilik fikri so‘rovi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining “Jurnalistik faoliyatda ochiq maʼlumotlar bilan ishlash va samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmlari” mavzusida eʼlon qilgan grant tanlovi doirasida O‘zbekiston Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan o‘tkazildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 103020 | Инструменты