Huawei 1
AOKA direktori Asadjon Xodjayev gazeta va radiolar soni kamayganini izohladi

2016−2024 yillarda O‘zbekistondagi OAVlar soni 1514 tadan 2349 taga ko‘paydi. Bunda jurnallar soni 309 tadan 866 taga, telekanallarniki — 65 tadan 89 taga yetdi, internet nashrlariniki — 395 tadan 738 taga ortdi. Bu haqda Toshkentda bo‘layotgan "Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi" doirasida 19-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan sessiyada maʼlum qilindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”. 

Tahlillarga ko‘ra, 8 yil davomida 6 ta axborot agentligi o‘z faoliyatini boshlagan. Faol blogerlar soni 50 nafardan 1200 nafarga yetgan. Ammo bu davr ichida gazetalar soni 691 tadan 600 taga (15 foiz), radiolar esa 35 tadan 29 taga (25 foiz) kamaygan.

Tadbirdan so‘ng OAV vakillariga intervyu bergan AOKA direktori Asadjon Xodjayev gazeta va radiolar soni kamayganini izohladi. Unga ko‘ra, avvallari bosma nashrlarning aksariyati davlat tomonidan berilgan subsidiyalar hamda shartnomalar orqali chop etilgan. Hozirda esa axborotga ko‘proq ishlov berilyapti va uni yetkazish raqamli texnologiyalar orqali amalga oshirilyapti.

"Bu esa axborotga ishlov berish va unga ketgan xarajatlarning qisqarishiga hamda tezkorlikka olib kelyapti. Masalan, gazetani chop etish xarajatlari qog‘oz, bo‘yoqlar va boshqalarga ketadi. Bularning barchasi bir dona gazetani chiqarish uchun ketadigan xarajat. Lekin siz kompyuter olsangiz, yil davomida u orqali yangiliklarni kiritib borishingiz mumkin, yaʼni elektron nashrlar tomonidan beriladigan axborotga nisbatan xarajatlar tannarxi qisqarib boryapti. Shu sababli bosma nashrlar bu borada raqobatga chiday olmayapti", — dedi u.

Xodjayevning taʼkidlashicha, bosma nashrlarga o‘rgangan auditoriya anʼanaviy matbuotni o‘qigisi keladi. "Gazeta-jurnallarning o‘z o‘quvchilari bor, ular maʼlum miqdorda saqlanib qoladi va umuman yo‘q bo‘lib ketmaydi. Qisman elektron formatga o‘tishi mumkin, biroq baribir bosma nashrlar qisqaradi, bu dunyodagi umumiy tendensiya", — deya qo‘shimcha qildi AOKA direktori.

Unga ko‘ra, hozirgi paytda o‘zbek radiolari zamonaviy media bilan raqobatga kirishyapti. Xodjayev bugungi kunda striming uchun juda kam resurs sarflanishi, bu esa onlayn nashrlarga ustunlik berayotganini taʼkidladi.

"Bugun strim uchun oddiy telefon kerak xolos, boshqa hech narsa kerak emas. Istagan paytingiz xohlagan joyingizdan jonli efir qilish yoki montaj ishlarini qo‘l telefoni yo planshetda amalga oshirishingiz mumkin. Hozir shularning hammasini bir odam qilyapti. Ammo radio ham butunlay yo‘qolib ketmaydi", — dedi Asadjon Xodjayev.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102500 | Инструменты