Bank-moliya akademiyasi yangi o'quv yilida “Moliya va moliya texnologiyalari” mutaxassisligini joriy qiladi
Bank-moliya akademiyasi O'zsanoatqurilishbank bilan hamkorlikda Keys-chempionat o'tkazmoqda.
Raqamli iqtisodiyot uchun kadrlar tayyorlash har bir oliy o'quv yurti uchun ustuvor yo'nalishga aylanishi zarur. Raqamli transformatsiya sohasidagi ekspertlar fikricha, yosh mutaxassislarni o'tgan asr usullari, darsliklari va qo'llanmalari asosida o'qitish ularning rivojlanishini sustlashtirib, foydadan ko'ra ko'proq zarar yetkazishi mumkin.
Bank-moliya akademiyasi yangi o'quv yilida “Moliya va moliya texnologiyalari” mutaxassisligini joriy etmoqda. Mazkur mutaxassislik bo'yicha bank va moliya xizmatlarini raqamlashtirish sohasida loyiha rahbarlari o'qitiladi. Ushbu mutaxassislar tufayli yangi mobil ilovalar va onlayn-servislar ommalashadi.
Magistraturada ta'lim olish uchun munosib nomzodlarni tanlash maqsadida Akademiya yoshga, bazaviy ta'lim va soha bo'yicha ish tajribaga doir cheklovlarni bekor qildi. Bu o'rinda endi axborot texnologiyalar va matematika sohasida bazaviy ma'lumotga ega mutaxassislar afzal ko'riladi.
“Akademiyaga qabul Keys-chempionat shaklida bo'lib o'tmoqda. Biz har kuni tanlovda ishtirok etish uchun yuzlab arizalar olmoqdamiz, nomzodlarning qiziqishi juda katta, chunki O'zbekistonda magistraturaga qabul ilk bor bunday usulda tashkil etilmoqda”, - dedi Bank-moliya akademiyasi prorektori v.v.b., iqtisod fanlari doktori Zafar Berdinazarov.
Aynan Ochiq Keys-chempionat ishtirokchilari uchun Akademiya rahbariyati AQSH, Qozog'iston, Misr, Rossiya, Oman va boshqa mamlakatlardan boy amaliy tajribaga ega ekspertlarni jalb qildi.
Keys-chempionat davomida ishtirokchilar quyidagi dolzarb masalalar bo'yicha o'z yechimlarini taklif etadi:
- 2030-yildagi moliya tashkilotlari va banklar haqida tasavvur;
- iqtisodiy o'sishni ta'minlash va inflyatsiyani pasaytirish usullari;
- kapital bozori hajmini YAIMning 10 foizigacha oshirish yo'llari;
- soliq tizimini tubdan qayta ko'rib chiqish;
- pandemiya sharoitida iqtisodiy o'sishni ta'minlash;
Faqat birinchi hafta davomida Bank-moliya akademiyasi saytida (qabul.bfa.uz) 700 dan ziyod nomzodlar ro'yxatdan o'tdi. Ularning ayrimlari bilan tanishamiz:
- Sarvarjon Mizrobov, Navoiy tog'-metallurgiya instituti bitiruvchisi, Akademiyada yaratilgan imkoniyatlardan foydalanmoqda, o'z bilim va iqtidorini namoyon etishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan.
- Islam Iskanov, Toshkentdan, Asia Alliance Bank mutaxassisi, Toshkent moliya instituti bitiruvchisi: “Akademiyada iqtidorli yoshlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan, shu bois men Keys-chempionatda yuqori ko'rsatkichlarga erishish uchun barcha kuch va salohiyatimni ishga solaman”.
- Avezjon Abdulloyev, Buxoro davlat universiteti 3 bosqich talabasi: “Men Xitoy, Turkiya, Qozog'iston, BAA kabi xorijiy mamlakatlarda malaka oshirganman va hozirda ta'lim olishni davom ettirmoqdaman. Ilk Keys-chempionat haqida eshitganimda, unda ishtirok etishga qaror qildim. Maqsadim – Bank-moliya akademiyasida yaratilgan imkoniyatlardan foydalanish va mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga hissa qo'shishdir”.
«Bank-moliya akademiyasida ishga yangicha yondashuvlar eng sara ish beruvchilar e'tiborini jalb qilmoqda. Agrobank, Milliy bank, Asaka bank, Hamkorbank va Kapitalbank magistraturada o'qish uchun o'z grantlarini ajratishga tayyor ekanligini bildirdi, davlat organlari xodimlari keys-chempionatda g'olib bo'lib, davlat ta'lim grantini qo'lga kiritishi mumkin» - dedi Akademiya kafedra mudiri, iqtisod fanlari doktori Fozliddin Allayarov.
Bank-moliya akademiyasi O'zsanoatqurilishbank bilan hamkorlikda barcha nomzodlarga omad tilagan holda Keys-chempionatga ro'yxatdan o'tish 2020-yil 1-avgustga qadar ochiq ekanligini eslatib o'tadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111400 | Инструменты