Bekobodda o‘z joniga qasd qilgan 28 yoshli ayol voqeasi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Avvalroq, Toshkent viloyatining Bekobod tumanida 28 yoshli ayol o‘zini 5-qavatdan tashlab vafot etgani, marhumaning yaqinlari bunga zo‘ravon er aybdorligini aytgani haqida xabar berilgandi. Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning ma'lum qilishicha, voqea yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

"Mazkur holat yuzasidan Bekobod tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, o‘rganish xulosalariga ko‘ra Jinoyat kodeksining 103-moddasi 2-qismi “a” (moddiy tomondan yoki boshqa jihatlardan aybdorga qaram bo‘lgan shaxsni o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan", — deyiladi Bosh prokuratura axborot xizmati bergan ma’lumotda.

Hozirda ayolning o‘limi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. 

2024-yilning 27-mart kuni soat 21:30 larda Toshkent viloyatining Bekobod tumanida yashovchi, ikki farzandning onasi N.X. yashash xonadonining 5-qavatidan o‘zini tashlab, o‘z joniga qasd qilgandi.

Yaqinlarining aytishicha, ayolning turmushi notinch bo‘lgan, eri uni vahshiylarcha kaltaklab kelgan. To‘qqiz yillik turmushning bor-yo‘g‘i uch yilini erinikida yashagan. Lekin shu orada uch marta himoya orderi berilgan bo‘lsa ham, zo‘ravonga biror chora ko‘rilmagan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72709 | Инструменты