Huawei 1
Berlinda "Uch gavhar. Va bir dengiz. Surat va fotosuratlarda O'zbekiston jilosi" nomli ko'rgazma ochildi

Germaniya poytaxtidagi "Q Gallery Berlin" galereyasi tomonidan mamlakatimiz elchixonasi bilan birgalikda rassom Inge Shmidt va fotosuratchi Kshishtof Plazaning O'zbekistonga bag'ishlangan ko'rgazmasi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

"Uch gavhar. Va bir dengiz. Surat va fotosuratlarda O'zbekiston jilosi" nomli ko'rgazmaning rasmiy ochilish marosimida Germaniya rasmiylari, keng jamoatchilik vakillari, san'at va madaniyat ixlosmandlari, jurnalistlar ishtirok etdi. 

Tadbirni diplomatik vakolatxona rahbari Dilshod Axatov qutlov so'zi bilan ochib berdi. Elchi O'zbekiston tabiati go'zalligi va tarixiy madaniy yodgorliklarini o'z asarlarida aks ettirgan rassom Inge Shmidt va fotosuratchi Kshishtof Plazaga minnatdorlik bildirdi va mamlakatimizning boy tarixi, madaniy merosi, asrlar davomida shakllangan san'ati butun dunyo sayohatchilarini jalb qilib kelayotganini ta'kidladi. Diplomat ishtirokchilarga mamlakatimiz turistik salohiyati, sayyohlar uchun yaratilgan imtiyoz va qulayliklar haqida to'xtaldi.

"Dunyo tarixini o'zida mujassam etgan mamlakatimiz boy madaniy merosini jahonga taqdim etish uchun turizmga katta ahamiyat berilmoqda. Rivojlangan infratuzilma, vizasiz kirish va O'zbekistonga to'g'ridan-to'g'ri parvozlar bilan qo'llab-quvvatlanmoqda", dedi elchi.

Ko'rgazma mualliflari Sharqning uch gavhari, ya'ni Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarini o'z asarlarida nafaqat muhim geografik nuqtalar, balki Buyuk ipak yo'li tarixida muhim rol o'ynagan madaniy markazlar deya e'tirof etganlarini ta'kidladilar. Bir paytlar dunyodagi yirik suv havzalaridan biri bo'lgan Orol dengizi mintaqaning iqtisodiy va ekologik hayotida muhim o'rin tutgan. Afsuski, o'tgan asr insoniyatning tabiatga noto'g'ri faoliyati natijasida uning suv sathi keskin pasayib, ekologik halokatga olib keldi.

An'anaviy va zamonaviy san'at elementlarini mujassam etgan asarlarda o'zlik, xotira va tabiat bilan munosabat markaziy mavzu sifatida ifoda etilgan. Ushbu san'at asarlari tashrif buyuruvchilarga nafaqat estetik zavq ulashmoqda, balki O'zbekiston tarixi va kundalik hayoti haqida chuqur taassurot ham taqdim etmoqda.

Tadbirda ijro etilgan o'zbek va nemis tillaridagi she'rlar, milliy raqslar hamda taqdim etilgan milliy taomlar, shuningdek, yurtimiz turizm salohiyatini aks ettiruvchi tarqatma materiallar tashrif buyuruvchilarning mamlakatimiz haqidagi taassurotlarini yana-da boyitishga hissa qo'shdi.

Ko'rgazma doirasida 15-noyabr kuni rassom va suratkash bilan maxsus uchrashuv tashkil etiladi. Unda rassom Inge Shmidt va fotosuratchi Kshishtof Plaza joriy yilda mamlakatimizga qilgan sayohatlari va uning natijasida yaratilgan asarlari haqida batafsil ma'lumot beradilar. Shuningdek, ular O'zbekistonga sayyoh sifatida borish istagida bo'lgan ishtirokchilarning qiziqqan savollariga javob beradilar.

– Markaziy Osiyoga safarimiz chog'ida O'zbekistonga sayyoh sifatida bordik, — deydi rassom Inge Shmidt. – Buyuk ipak yo'lida joylashgan qadimiy shaharlarning go'zalligi bizni hayratga soldi. O'zbekistonga yana borishni rejalashtiryapmiz. Bu safar navbatdagi manzilimiz Farg'ona vodiysi bo'ladi. U yerda ipak mato tayyorlash va kulolchilik markazlariga borishni, ranglar tayyorlashning qadimiy usullari bilan tanishishni niyat qilganmiz. Ko'rgazmaga O'zbekiston elchisi Dilshod Axatov hamda ko'p sonli mehmonlarning tashrifidan juda xursand bo'ldik. Bugun Germaniyada O'zbekiston ko'p tilga olinmoqda. Biz ham bu ko'rgazma orqali O'zbekistonni tanitishga hissa qo'shdik, deb o'ylayman. Kelajakda bu kabi ko'rgazmalarni O'zbekistonda ham o'tkazish niyatimiz bor.

– "Q Gallerie" galereyasi rassom Inge Shmidt va fotosuratchi Kshishtof Plaza asarlari ko'rgazmasi orqali Sharq va G'arbni yana bir bora bog'lashga muvaffaq bo'ldi, – dedi ko'rgazma tashkilotchisi, advokat Parviz Yazdani. – Galereyada Ipak yo'li mamlakatlari haqida ko'plab ko'rgazmalar tashkil etiladi, biroq bugun birinchi marotaba O'zbekistonga bag'ishlangan ko'rgazma ochilganidan juda xursandmiz. Tadbirga O'zbekiston elchisining tashrifi uning yuqori nufuzidan darak beradi. Ishonamanki, kelgusida O'zbekistonga atalgan bu kabi san'at ko'rgazmalarini ko'plab o'tkazamiz. Chunki, O'zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida o'zining boy tarixi va xilma xil madaniyati bilan barchani e'tiborini o'ziga tortib kelgan.

Ko'rgazma 19-noyabrgacha davom etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102416 | Инструменты