Huawei 1
Beruniy nomidagi YUNESKO — O‘zbekiston xalqaro mukofoti ta’sis etildi

Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva sun’iy intellekt sohasidagi etika bo‘yicha tadqiqotlar va ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Beruniy nomidagi YUNESKO — O‘zbekiston xalqaro mukofoti ta’sis etilganini ma’lum qildi.

“Ushbu qaror 2024-yil 22-oktyabr kuni Parij shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Ijroiya kengashining 220-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbus doirasida bir ovozdan qabul qilindi.

Mukofot ikki yilda bir marotaba sun’iy idrok sohasida odob-axloq va inklyuzivlikni rivojlantirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi zalvorli loyihalarga beriladi. G‘oliblar mustaqil xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan saralab olinadi va jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi e’tirofi ramzi sifatida pul mukofoti, sertifikat va medal bilan taqdirlanadi.

Ilk taqdirlash marosimi 2025-yilning noyabr oyida Samarqand shahrida YUNESKO bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tadi, bu esa mazkur tashabbusning O‘zbekiston va xalqaro hamjamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ifodalaydi”, deya qayd etiladi prezident yordamchisining Telegram’dagi rasmiy sahifasida.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102500 | Инструменты