Huawei 1
Bojxona qo‘mitasi iPhone 17 smartfonini olib kirishdagi to‘lovlar haqida ma’lumot berdi

Bojxona qo‘mitasi chegara orqali notijorat maqsadida mobil qurilmalarni olib kirishda to‘lovlar bo‘yicha ma’lumot berdi.

Qayd qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 19 apreldagi 244-son qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoji uchun notijorat maqsadlarida respublikaga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari havo transportida 1000 AQSh dollari, temiryo‘l va daryo transportida 500 AQSh dollari, avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali 300 AQSh dollari etib belgilangan.

Bunda, mobil qurilma bojxona qiymati belgilangan normadan ortgan taqdirda, cheklangan me’yorlardan ortiq qismiga nisbatan 30 foiz miqdorida yagona bojxona to‘lovi undiriladi.

Shuningdek, bojxona organlari tomonidan bojxona kirim orderini to‘ldirish va rasmiylashtirish uchun BHM 25 foizi (103 000 so‘m) miqdorida bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im undiriladi.

O‘z navbatida, mobil qurilmaning bojxona qiymati cheklar, kvitansiyalar va (yoki) boshqa tijorat hujjatlari bilan tasdiqlangan, ma’lum qilingan qiymatdan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Shaxs tomonidan ma’lum qilingan tovarlarning bojxona qiymati to‘g‘ri belgilanganligini tasdiqlovchi hujjatlar va ma’lumotlar bo‘lmagan taqdirda bojxona organi tovarlarning bojxona qiymatini mustaqil ravishda belgilaydi. Bunda, bojxona organi o‘z ixtiyorida mavjud bo‘lgan narxlar to‘g‘risidagi axborotdan ya’ni bojxona yuk deklaratsiyalari elektron baza ma’lumotlari va muqobil manbalaridan olingan narxlardan foydalanadi.

Ta’kidlanishicha, muqobil manbalardan olingan narxlarga ishlab chiqaruvchi korxonalar yoki yetkazib beruvchilarning rasmiy e’lon qilinadigan ma’lumotnomalari, byulletenlari, prays-varaqlari va boshqa ishonchli manbalar kiradi.

Misol uchun, iPhone 17 rusumidagi mobil qurilma olib kirilganda, uning bojxona qiymati agar xarid cheki, kvitansiyasi va (yoki) boshqa tijorat hujjatlari mavjud bo‘lsa, undagi qiymatdan kelib chiqib, agar mavjud bo‘lmasa Apple kompaniyasining fuqaro kelayotgan davlatdagi rasmiy saytidagi narxlarga asoslaniladi.

Bojxona qo‘mitasi AQSh, BAA, Janubiy Koreya va Xitoydan olib kiriladigan iPhone 17 smartfonlari narxlari haqida ma’lumot berdi. Ta’kidlanishicha, qurilmalarning bojxona qiymati ular olib kirilayotgan davlatdagi narxlarga chambarchas bog‘liq.
Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100613 | Инструменты