Huawei 1
Bojxonachilar kir yuvish kukuni niqobi ostidagi 45 kg pregabalin kuchli taʼsir qiluvchi moddasini to‘xtatib qolishdi

Andijon viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan “Do‘stlik” chegara bojxona posti, viloyat davlat xavfsizlik xizmati hamda ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda yirik miqdordagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni respublika hududiga olib kirishga bo‘lgan ayyorona urinish fosh qilindi.

Gap shundaki, “Do‘stlik” chegara bojxona posti orqali muntazam ravishda tijorat maqsadidagi tovarlarini go‘yoki shaxsiy ehtiyoj uchun olib o‘tishni o‘ziga kasb qilib olgan 3 nafar fuqarolar bu gal narkokuryerlarning “tuzog‘i”ga ilinishdi.

Moddiy manfaatdorlik evaziga ushbu shaxslar 9 kg og‘irlikdagi 3 dona “Ariel” kir yuvish kukunini chegara bojxona postidan olib o‘tayotgan vaqtida to‘xtatilib, mazkur tovarlar bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Natijada, kir yuvish kukuni qadog‘i muqaddam ochilgani va uning ichiga aslida “pregabalin” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi joylangani fosh bo‘ldi.

Shu kunning o‘zida tezkor tadbir davom ettirilib, pregabalinni qabul qilib oluvchi shaxsga yetkazayotgan yo‘lovchi ham Ohangaron tumanida qo‘lga olindi. Uning yonida 27 kg og‘irlikdagi 9 dona kir yuvish kukuniga ham kuchli taʼsir qiluvchi moddalar aralashgani aniqlandi.

Kalavaning uchi tezkor xodimlarni poytaxtimizning Uchtepa tumaniga yetakladi. Boisi yuqoridagi barcha kuchli taʼsir qiluvchi moddalar aynan ushbu tumandagi xonadonlardan biriga keltirilishi kerak edi.

Shubha ostiga olingan shaxsning ushbu tumanda ijarada yashab kelayotgan xonadoni belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida bu yerda yashirin narkolabaratoriya tashkil etishga hozirlik ko‘rilayotgani fosh bo‘ldi.

Xususan, quchli taʼsir qiluvchi moddalarni qayta ishlash va taqsimlash maqsadida turli jihozlar, xom ashyo va bo‘sh kapsulalar borligi aniqlandi.

Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlaridan so‘ng ertasiga “Do‘stlik” chegara bojxona postida aynan ushbu laboratoriyaga yetkazilishi kerak bo‘lgan, 20 kg. og‘irlikdagi 2 nomdagi kir yuvish kukuni qadoqlariga joylangan kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning navbatdagi partiyasi ham qo‘lga olindi.

Shunday qilib ko‘p bosqichli tezkor tadbirlar yakunida qonunbuzar shaxslardan jami og‘irligi 56 kg.ni tashkil qiluvchi 16 dona kir yuvish kukuni qadoqlariga solingan kuchli taʼsir qiluvchi moddalar olib qo‘yildi.

Shundan 45 kilogramini Markaziy bojxona laboratoriyasi tomonidan o‘tkazilgan ekspertiza natijalariga ko‘ra “pregabalin” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi tashkil etishi aniqlandi.

Eslatib o‘tamiz, 1 kg. pregabalin moddasini 33 ming kapsulaga taqsimlash mumkin. Demak, yuqoridagi holatda salkam 1,5 mln dona kapsulaga yetarli kuchli taʼsir qiluvchi moddalar tarqab ketilishining oldi olindi. Bu esa qanchadan qancha yoshlarning salomatligiga ziyon yetkazishi va turli jinoyatlarga yetaklashi muqarrar edi.

Dastlabki hisob-kitoblarga mazkur kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qora bozordagi narxi 40 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

Hozirda jami og‘irligi 45 kg “pregabalin” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi daliliy ashyo sifatida olinib, bojxona organlari tomonidan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Eslatib o‘tamiz, respublikamiz bojxonachilari yil boshidan buyon 86 ta holatda salkam 90 kg kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yishdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 41910 | Инструменты