Oliy Majlisning Bolalar huquqlari bo‘yicha vakili Surayyo Rahmonova Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida guruhli jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan o‘quvchi qiz va uning onasi bilan uchrashdi.
Hozirda mazkur jinoyat ishi Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tergov qilinmoqda, uning doirasida 8 nafar gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlanib, 13-noyabr kuni ularga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Yana 1 nafar gumonlanuvchiga qidiruv e’lon qilinib, uni fosh etish tezkor choralari ko‘rilmoqda.
Bolalar ombudsmani matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov davomida jabrlanuvchi qizning protsessual huquqlari ta’minlanishi darajasi, xususan, mazkur tergovda bolaning qonuniy vakili, pedagog va advokatning ishtiroki masalasi o‘rganildi.
Shuningdek, tergov xodimlariga tergov va protsessual harakatlarning qiz uchun do‘stona o‘tkazilishi va qo‘shimcha travmatik tarzda bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka oid tavsiyalar berildi.
Qayd etilishicha, hozirda qizga zarur bo‘lgan kompleks tibbiy, psixologik va ijtimoiy ko‘mak choralari ko‘rishga kirishildi.
Qizning onasi bilan suhbatda esa ayol OAV vakillari va jamoatchilikdan ushbu jinoyat tafsilotlarini e’lon qilmaslikni so‘rab, har bir shunday xabar qiziga va oilasiga katta ruhiy zarba bo‘layotganini aytgan.
“Mazkur ish jinsiy jinoyatga oid ekanligi hamda voyaga yetmaganning shaxsiy hayoti, sha’ni va qadr-qimmatiga daxldorligi munosabati bilan jinoyat ishi tafsilotlarini oshkor etilishi, shu jumladan, OAVda keng yoritilishi bola manfaatlariga zid ekanligini yana bir bor eslatamiz” deyiladi xabarda.Alpha version: 0.9.1.19 build 111716 | Инструменты