Britaniya O‘zbekistondan mavsumiy ishchilarni yollashni davom ettirmoqchi

Tashqi ishlar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va “Vatandoshlar” jamoat fondi vakillaridan iborat O'zbekiston delegatsiyasi Linkolnshir shahridagi "Staples Vegetables" fermer xo‘jaligiga tashrif buyurib, bu yerda vaqtincha ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashdi

O‘zbekiston delegatsiyasi fuqarolarimizning yashash va ish sharoiti bilan yaqindan tanishdi. Ularning Buyuk Britaniyada bo‘lishlari, maishiy va boshqa muammolari yuzasidan fikr almashildi, mahalliy qonunchilikka rioya etish yuzasidan suhbat o‘tkazildi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida fermer xo‘jaligi rahbariyati va Britaniyaning “Pro-Force” rekruting kompaniyasi bilan muzokaralar tashkil etildi.

Unda Buyuk Britaniya qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zbekistonlik ishchilarni ish bilan taʼminlash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Britaniya tomoni ushbu yo‘nalishda yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni yuqori baholab, O‘zbekistondan mavsumiy ishchilarni yollashni davom ettirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.

“Pro-Force” rekruting kompaniyasi direktori Endi Simpsonning taʼkidlashicha, joriy yilda uning kompaniyasi 600 dan ortiq kishini ishga olgan. U, shuningdek, kelasida O‘zbekistondan mehnat migrantlari sonini ko‘paytirishni rejalashtirilganini bildirdi.

Umuman olganda, 2025-yilda Buyuk Britaniya hukumati tashqi ishchi kuchining umumiy sonini 40 ming kishiga yetkazmoqchi, ularning maʼlum qismi Markaziy Osiyodan jalb qilinadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51817 | Инструменты