Huawei 1
"Bu tarixiy g‘alaba Yangi O‘zbekiston yoshlari qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir marta amalda namoyish etdi" — Shavkat Mirziyoyev

Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Parij Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuvi bo'lib o'tmoqda.

Davlat rahbari o‘g‘il-qizlarni 33-yozgi Olimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etib, erishgan ulkan tarixiy g‘alabasi bilan yana bir bor chin qalbdan samimiy muborakbod etdi.

"Dunyoning 200 dan ziyod davlatidan 11 ming nafarga yaqin eng mashhur sportchilar qatnashgan ushbu nufuzli sport anjumani biz uchun tom maʼnoda rekordlar, mislsiz yutuqlarga boy bo‘ldi.

Avvalo, mazkur Olimpiadada O‘zbekiston birinchi marta eng ko‘p tarkib bilan, yaʼni, 19 ta sport turi bo‘yicha 90 nafar sportchi bilan ishtirok etganini taʼkidlash lozim.

Ayniqsa, ayollar kurashi, kamondan o‘q otish, suvga sakrash, futbol kabi sport turlari bo‘yicha sportchilarimiz ilk bor Olimpiya o‘yinlarida qatnashganini alohida eʼtirof etish kerak", - dedi Prezident.

Olimpiya medallari, mamlakatning sport olamida erishayotgan yutuqlari davlatning umumiy rivojlanish va insoniy taraqqiyot darajasini bildirishi taʼkidlandi.

"Chindan ham, sizlar g‘oyat keskin bellashuvlarda yuksak jasorat va matonat ko‘rsatib, 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medalni qo‘lga kiritganingiz mamlakatimizning taraqqiyot borasidagi yuksak salohiyatini ifoda etadigan yorqin natijadir.

Bu tarixiy g‘alaba Yangi O‘zbekiston yoshlari qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir marta amalda namoyish etdi", - dedi davlat rahbari.

Mamlakat ishtirokchi davlatlar orasida umumjamoa hisobida 13-o‘rinni, Osiyo qitʼasida 4-o‘rinni, turkiy va islom mamlakatlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi. Bu natijalar O‘zbekiston tarixida ilgari hech qachon bo‘lmagan yutuq ekani qayd etildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60512 | Инструменты