O‘zbekiston prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov uch davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari va do‘stligi tufayli bugun Farg‘ona vodiysi imkoniyatlar, farovonlik, tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va bunyodkorlik makoniga aylanganini aytdi.
Uning qayd etishicha, 1997-yilda o‘z davrining yirik geostrateglaridan biri bo‘lgan Zbignev Bjezinskiy o‘zining “Buyuk shaxmat taxtasi” kitobida Farg‘ona vodiysini geosiyosiy keskinlik o‘chog‘iga aylanishini bashorat qilgan, ayrim ekspertlar esa hatto “porox bochkasi”ga o‘xshatgan edi.
“Darhaqiqat, uchta mustaqil mamlakatga daxldor bu qadimiy hududda yaqin-yaqingacha shunday voqealar ro‘y berdiki, ko‘pchilik bu mash’um bashorat haqiqatdan unchalik ham yiroq emasligiga ishongandi.
Ammo bugun biz butunlay boshqacha voqelikda yashamoqdamiz. Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko‘ra biladigan rahbarligi, tizimli va chuqur o‘ylangan islohotlari tufayli Farg‘ona vodiysining uchta viloyati va uning yuragi bo‘lmish Andijon butunlay o‘zgarib ketdi”, deydi u.
Sherzod Asadov bugungi kunda Andijon iqtisodiy o‘sish, tadbirkorlik tashabbusi, innovatsiya ruhi, intellektual taraqqiyot va madaniy tiklanishning qudratli markaziga aylanganini qayd etib o‘tdi.
“Bu shunday zaminki, har bir yangi loyiha kelajak poydevorini mustahkamlaydigan tamal toshidir. Bu yerda odamlar orzu qilyapti va o‘z maqsadlariga erishyapti. O‘qiyman, izlanaman, daromad topaman va boshqalarga ham daromad manbai yarataman deganlarga — keng yo‘l. Yangi — Bobur shahri qurilmoqda”, deydi Sherzod Asadov.
Uning ta’kidlashicha, Andijon — ilm, intilish, mehnatsevarlik va to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan davlat siyosati butun bir hududni naqadar o‘zgartirib yuborishi mumkinligining yorqin namunasidir. Aholisi zich, yer resurslari cheklangan, yaqingacha sanoati faqat Asaka zavodidan iborat bo‘lib kelgan viloyat ahli prezident olib borayotgan islohotlar kuchidan, yaratilgan har bir imkoniyatdan to‘liq, maksimal darajada foydalanyapti, har jabhada real, kundalik hayotda sezish mumkin bo‘lgan natijalarga erishyapti. Bundan quvonsa va ibrat olsa arziydi.
“Eski bashoratlarni unutish vaqti keldi. Endilikda, shu jumladan uch davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari va do‘stligi tufayli bugun Farg‘ona vodiysi ‘porox bochkasi’ emas, balki imkoniyatlar, farovonlik, tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va bunyodkorlik makoniga aylandi”, deydi prezident matbuot kotibi.
Shuningdek, Andijon, Farg‘ona va Namangan ertangi kunga ishonch va kuchli, adolatli davlat rahbarining e’tibori bilan xalq nimalarga qodir ekanini isbotlayotganini qayd etib o‘tdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51213 | Инструменты