Keyingi yillarda Buxoro turizm tarmog‘idagi islohotlar sabab «Ark» qo‘rg‘oni qal’asining 100 avval vayron qilingan 3 gektarlik hududida «Arxeologik park» tashkil etilgani xususida xabar berilgan edi.
Ushbu park 2023-yilning 2-choragida ishga tushirilgan. Ma’lum bo‘lishicha, yakunlanayotgan yilda bu arxeologik parkka 1,5 mlndan ko‘proq xorijiy va mahalliy sayyohlar kirishgan.
Ma’lumki, «Ark» qo‘rg‘oni necha-necha qonli janglar, shafqatsiz istilochiyu bosqinchilarni ko‘rgan. Joriy yilning boshida YuNESKOning Umumjaxon merosi hududi va uning chegaralarida (chegara qismi) kiritilgan ushbu tarixiy markazga hurmatsiz munosabatda bo‘lib, qo‘rg‘on devorlari orqali unga chirmashib chiqmoqchi bo‘lgan shaxs jazolangan edi.
Uzoq asrlar davomida «Osiyodagi savdo shahri», Numijkat, Bumiskat, «Madinat us-sufriya», ya’ni «Mis shahri», «Madinat ut-tujjor», «Foxira» nomlari bilan boqiy shaharga aylangan Buxoro tarixining eng betakror timsoli sifatida tilga olinib kelinayotgan «Ark» qo‘rg‘oni bugun yana «qayta tirilish»ning avj pallasida.
Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Prezidentining alohida Farmoni va qaroriga muvofiq, madaniy meros ob’yekti sanalgan «Ark» qo‘rg‘oni qal’asini saqlash, asrab-avaylash va ularni qadimiy me’morchilik uslubida restovratsiya qilish, ta’mirlash-tiklash ishlari yakunlandi.
Davlat dasturlari doirasida «Ark» qal’asining ham umumbashariy qiymatini saqlash, texnogen jarayonlar ta’sirida qal’aning qadimiy devorlari va tirgaklarini yemirilishi, nurashi va qulab ketishini oldini olish maqsadida amaliy ishlar bajarilgan. Keyingi 2 yilda ushbu ob’yektda olimlar, tarixchilar, ekspertlar va loyihachilar tayyorlagan loyiha asosida 300 nafardan ziyod mahoratli usta-restavratorlar tomonidan restavratsiya va ta’mirlash-tiklash ishlari nihoyalangan.
«Va nihoyat, bugunga kelib, «Ark» qal’asining shimoliy qismida 22 metr balandlikda va 200 metrdan ortiq uzunlikdagi devorini mustahkamlash bo‘yicha 1,5 yil davom etgan restavratsiya va ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazildi. Endilikda Buxoroning tarixiy davlatchiligi shakllangan va hukmdorlar hayot kechirgan qadimiy «Ark» yana bir necha asrlar davomida mustahkam tarixiy va madaniy-ma’rifiy qal’a sifatida xizmat qiladi»,-dedi viloyat hokimining madaniy meros va ommaviy kommunikaysiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botir Shahriyorov.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10114 | Инструменты