Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida 34 yoshli ayol qiz farzandining tana va yuz qismiga qizigan kapgir bilan jarohat yetkazdi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Qayd etilishicha, ona o‘z qizining yuzi, qo‘li va badaniga oshxona kapgirini qizdirib bosgan. Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida 1990 yilda tug‘ilgan M.J. ismli ayol joriy yilning 25 oktyabr kuni uyining oshxonasida B.A. ismli 2015 yilda tug‘ilgan qizining qo‘llari va yuz qismiga qizigan oshxona temir kapgirini bosib, bolaga tan jarohati yetkazgan.
Voyaga yetmagan qizga nisbatan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Hozirda B.A. tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilib, unga shifokorlar tomonidan zaruriy tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.
Holat yuzasidan Shofirkon tuman IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan M.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 126-1- moddasi 3 -qismi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122619 | Инструменты