Huawei 1
Buxoroda chegaradan qora choy nomi ostida 705 ming quti sigaretlar olib o'tilayotgani aniqlandi

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari yirik miqdordagi tamaki mahsulotlarini qora choy nomi ostida respublika hududidan olib o‘tilishiga chek qo‘yishdi.

“Xo‘jadavlat” temir yo‘l chegara bojxona posti orqali kirib kelgan va respublikadan tranzit tarzida o‘tayotgan yuk poyezdi konteynerlaridan biriga hujjatlarga ko‘ra 16 tonnadan ziyod qora choy yuklangan bo‘lishi lozim edi.

Ammo, bojxona ko‘rigi davomida mazkur konteynerga choy emas, aksincha butunlay boshqa tovar – 2 nomdagi 705 500 quti sigaretlar ortilgani fosh bo‘ldi. Boz ustiga mahsulotlar qonunchilik talabiga binoan qabul qiluvchi davlatning aksiz markasi bilan tamg‘alanmagan ham ekan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur tamaki mahsulotlarining umumiy qiymati 17 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda va hozirda vaqtincha saqlovga olingan.

Holat yuzasidan esa bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston orqali tamaki mahsulotlarini tranzit qilishda, tashuvchilar bojxona organlarining hisoblariga aksiz solig‘i, QQS va bojxona to‘lovlari miqdorida pul mablag‘larini depozitga qo‘yishlari shart. Depozit sigaretalarning mamlakat tashqarisiga olib chiqilganligi tasdiqlangandan so‘ng qaytariladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92313 | Инструменты