Huawei 1
Buxoroda chiqindilarni joylashtirish talablarini buzgan besh bozor maʼmuriyatiga chora ko‘rildi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi respublika ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatini “Tozalik va yashillik makoni”ga aylantirish bo‘yicha targ‘ibot harakatlari doirasida o‘rganishlar olib borildi.

O‘rganish davomida vazirlik huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi, viloyat Ekologiya boshqarmasi tezkor guruhi mas'ullari hamda viloyat Ichki ishlar va Milliy gvardiya boshqarmalari vakillari ishtirokida hududlarning sanitar holati yuzasidan ekologik nazorat reyd tadbirlari oʻtkazildi. 

Reyd davomida Kogon shahri, Shofirkon va Gʻijduvon tumanlarida joylashgan oziq-ovqat hamda buyum bozorlari sanitariya talablariga javob bermasligi, sanitar tozalash infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish talablari buzilganligi aniqlandi. Holat yuzasidan "Gʻijduvon dehqon bozori", "Kogon savdo market", "Kogon Sohibkor dehqon bozori", "Shofirkon dehqon bozori" va "Shofirkon savdo kompleksi" ma'muriyatining jami 5 nafar mansabdor shaxslariga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli Sud organiga taqdim etildi.

Shuningdek, oʻrganishda bir qator fuqarolar tomonidan belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash holatlari aniqlanib, har bir huquqbuzarga nisbatan MJtKning 91-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi va BMHning 1 baravari, yaʼni 375 ming soʻmdan jarima qoʻllanildi.

Bundan tashqari, Agentlik masʼullari va Ekologik davlat nazorat inspektorlari tomonidan fuqarolar va tadbirkorlar o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi. Unda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-oktabrdagi 787-son qaroriga muvofiq sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish hamda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish qoidalari haqida batafsil tushuntirildi.

Bu kabi kuchaytirilgan ekologik nazorat reyd tadbirlari viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham davom etmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42205 | Инструменты