1 fevral kuni Buxoro viloyati Shofirkon tumanida 2 yillik pomidor konservasini iste’mol qilgan ayol vafot etdi. Bu haqda tuman hokimiyati matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Shofirkon tuman tibbiyot birlashmasiga 11 yanvar kuni bir oiladan 4 nafar shaxs sog‘ligidagi yomon o‘zgarishlar sabab murojaat qilib kelgan.
Ushbu fuqarolardan olingan tekshiruv natijalariga ko‘ra, ular botulizm kasalligiga chalingani aniqlangan.
“Ularga viloyatning malakali mutaxassislari tomonidan muntazam ravishda kerakli amaliy yordam ko‘rsatilgan”, deyiladi xabarda.
Davo muolajalaridan so‘ng, oilaning 3 nafar a’zosi sog‘lig‘ida ijobiy o‘zgarishlar yuz bergan va mutaxassislar tomonidan uylariga ketishiga ruxsat berilgan.
Biroq bemor I.Sh.da tuzlamadan ko‘proq iste’mol qilgani, kasallik alomatlari og‘ir kechishi oqibatida ko‘rsatilgan reanimatsion chora-tadbirlarga qaramasdan biologik o‘lim holati sodir bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya hududida qalbaki spirtli ichimlik isteʼmol qilish oqibatida 23 nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30712 | Инструменты